Ulug‘ ayyomda ikki fuqaroning orzulari ushaldi
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Ravot MFYda yashovchi 1-guruh nogironi Jamila Diyorova va Oqdaryo MFYda yashovchi fuqaro Uraloy Sharipova ancha yillardan buyon bemorligi tufayli tushakka yotib qolgan. Toza havodan nafas olay, tabiat qo‘yniga chiqay desa yura olmaydi, nogironlik aravachasi olishga esa imkon yo‘q. Shu zaylda kunlar oylarga, oylar esa yillarga ulashib kelayotgan edi.
Nihoyat “Mahalla” xayriya jamoat fondi Shahrisabz tumani bo‘linmasi ushbu fuqarolarning og‘irini yengil qildi. Qurbon hayiti munosabati bilan fond tomnidan ularga nogironlik aravachasi taqdim etildi.


Endilikda ular ham boshqalar qatori atrofning go‘zalligidan bahra oladi. Bunday imkoniyatni ularga taqdim etganlar minnatdorchilik bildirib, qo‘llarini duoga ochar ekan, yaratganga shukrona keltirdi.

O‘lmas Barotov, O‘zA.