Ukraina va AQSH Saudiyada kelisha oladimi?
Bir hafta oldin AQSH Prezidenti Donald Tramp va uning ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi yoqimsiz suhbat Oq uyda misli ko‘rilmagan tanazzulga sabab bo‘ldi.
Uchrashuvda noyob yer maydonlari bo‘yicha kelishuv imzolanishi rejalashtirilgan edi, biroq to‘satdan Zelenskiy binoni tark etishi zarurligi so‘ralgach, hamma ish barbod bo‘ldi.
Tramp Zelenskiy tinchlikka erishish borasida jiddiy emas, degan qarashni ilgari surishda davom etarkan, keyingi kunlarda keskinlik yanada avj oldi.
Vashingtonning yangi ma’muriyati Kiyevga har qanday harbiy va moliyaviy yordam to‘xtatilishini e’lon qildi.
Shu asnoda Ukraina rahbari tez orada AQSH rasmiylari bilan to‘xtab qolgan tinchlik muzokarasini davom ettirish uchun uchrashishini e’lon qildi. Endi vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkin, deb yozdi “Euronews” nashri.
Muzokaraga kelasi hafta boshida Saudiya Arabistoni mezbonlik qilishi kutilyapti. Ukraina yetakchisi dushanba kuni valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan Ar-Riyodda uchrashadi. Shundan so‘ng Amerika tomoni bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
– Ukraina tinchlikdan ko‘proq manfaatdor, – degan Zelenskiy.
Musulmon Ziyo, O‘zA