Uglevodorod konlari 3D usulida muvaffaqiyatli modellashtirilmoqda
Farmon va ijro
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu ishlarni tizimli tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur farmon ijrosiga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati “Raqamli kon” konsepsiyasini amalga oshirmoqda. Konsepsiya doirasida uglevodorod konlarini 3D usulda modellashtirish, mavjud geologik-texnik ma’lumotlarni raqamlashtirish va yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda uni doimiy ravishda yuritish maqsadida jamiyat tarixida ilk marotaba zamonaviy talablarga mos keladigan “OPEN-SPACE” ko‘rinishida Modellashtirish markazi barpo etildi.
Shu tariqa, “O‘zbekneftgaz” jamiyati tarixida ilk bor – 2019 yildan boshlab uglevodorod konlarini 3D usulda modellashtirish va mavjud geologik hamda texnik ma’lumotlarni raqamlashtirish, yagona ma’lumotlar bazasini yuritish joriy etilmoqda.
Bugun, ya’ni 11 avgust kuni bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan press-turda ushbu Modellashtirish markazi faoliyati va keyingi paytda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Unda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Usmonov ushbu modellashtirish va raqamlashtirish tizimining afzalliklariga e’tibor qaratdi.
– Bugun tadbirning asosiy maqsadi ham Modellashtirish markazi haqida batafsil ma’lumot berishga yo‘naltirilgan. Avvallari hamma ma’lumotlar qog‘ozda bo‘lgan bo‘lsa, hozir hamma ma’lumotlar raqamlashtirildi. Neft-gaz sohasida yuqori darajaga erishish, geologik tadbirlarni samarali tashkil etishda aynan shu markaz faoliyati muhim o‘rin egallaydi. Albatta, tizimga raqamlashtirishning joriy qilinganidan keyin ishimiz yanada jadallashdi va samaradorlik yuqori bo‘ldi. Yangi konlarni burg‘ilash va ulardan gaz ishlab chiqarish doimiy rejamiz hisoblanadi. Joriy yilda 123 ta yangi konlar bo‘yicha ishlayapmiz. Mavjud konlarni ham kapital ta’mirlash orqali mo‘ljalga erishish maqsadida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Shu bilan birga, gazni qazib chiqarish va ishlab chiqarish jarayoni ham raqamlashtiriladi. Ya’ni, bu borada “Ye-kon” loyihasi joriy qilinmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad har bir konning hududida gaz ishlab chiqarishni onlayn ko‘rib turish va ularda zarur bo‘lgan ishlarni amalga oshirishdir, – dedi B.Usmonov.
[gallery-13088]
Qayd etilganidek, Modellashtirish markazi tomonidan 2019-2023 yillar mobaynida “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi 7200 dan ortiq quduq bo‘yicha 470 mingga yaqin geologik va texnik ma’lumotlar, 1400 dan ortiq quduq bo‘yicha 44 mingta geofizik tadqiqotlar natijalari va 5476 kilometr kvadrat, 750 ta seysmik ma’lumotlar raqamlashtirildi.
– Ahamiyatlisi, ma’lumotlarni yaxlit tizimda birlashtirish asosida O‘zbekiston neft va gaz sanoatining yagona Milliy ma’lumotlar bazasi tashkil qilindi. Milliy ma’lumotlar bazasini loyihalashtirish, zarur moddiy-texnik resurslarni yetkazib berish, ularni o‘rnatish va ishga tushirishda AQSHning “Schlumberger” kompaniyasi bilan hamkorlik qilindi. Ayni paytda uglevodorod konlarini raqamli 3D geologik va gidrodinamik modellarini tuzish va ishlab chiqarishga bosqichma-bosqich tatbiq etish ishlari amalga oshirilmoqda. Yer osti geologik ma’lumotlarini raqamlashtirish orqali 122 ta konning raqamli geologik, 83 ta konning gidrodinamik, 52 ta konning yer usti tarmoq modellari, 6 ta integral, 2 ta regional modellari va 4 ta konning “Techlog” loyihalari ishlab chiqildi, – dedi ushbu markaz bo‘lim boshlig‘i Anvar Murotov.
Modellashtirishning afzalligi shundaki, raqamli geologik, gidrodinamik va tarmoq modellarni ishlab chiqarishga jalb qilinishi natijasida mavjud risklar kamaytirilishiga erishildi. Xususan, “Quyi Sharqiy Berdaq”, “Quyi Surgil”, “Sho‘rtan”, “Dengizko‘l”, “Alan”, “Tegirmon”, “Qulbeshkak”, “Doyaxotin” va ko‘plab boshqa konlardagi burg‘ilash uchun mo‘ljallangan 150 tadan ortiq quduqning loyihaviy joylashuv o‘rni qayta ko‘rib chiqilib, istiqboli yuqori bo‘lgan joylarga o‘zgartirildi va konstruksiyasi optimizatsiya qilinib, ijobiy natijaga erishilmoqda. Ishlatilayotgan konlarda geologik risk ilgari 40-45 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 5-10 foizgacha kamaytirildi. Raqamli transformatsiya natijasida olingan samara 66,7 million dollarni tashkil etdi.
Press-turda markaz tomonidan 2023 yilda konlarning geologik va gidrodinamik modellaridan tashqari ularning tarmoq va regional modellarini yaratish hamda ishlab chiqarishga integratsiya qilish ishlari amalga oshirilishi haqida ham so‘z yuritildi. Unga ko‘ra, joriy yilda yangi ochiladigan barcha konlarning geologik modeli, 28 ta konning gidrodinamik modeli, 40 ta konning tarmoq modellari, shuningdek, Muborak va Sho‘rtan neftgaz hududlari bo‘yicha hamda Buxoro – Xiva regioni rif tizimiga oid, jami 3ta regional modellar tuziladi.
Tadbir ishtirokchilari “O‘ZLITINEFTGAZ” aksiyadorlik jamiyatida ham bo‘ldi. Unda ushbu jamiyat boshqaruvi raisi Ulug‘bek Nazarov “O‘zbekneftgaz” AJ konlarini raqamlashtirish bo‘yicha “Ye-kon” loyihasining maqsadi va undan kutilayotgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Hozirgi vaqtda hukumat va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan berilgan topshiriqqa muvofiq “O‘ZLITINEFTGAZ” AJ jamiyat tasarrufidagi konlarni ekspluatatsiya ko‘rsatkichlarini prognoz qilish vositalari yordamida jadal sur’atlarda uglevodorod xomashyosini qazib olish tizimini tezkor tahlil qilish va boshqarish bo‘yicha dasturiy-texnik kompleksi ishlab chiqilmoqda. Ishlab chiqilayotgan tizimning maqsadi yer usti jihozlash tizimlari bilan integratsiyalashgan tarzda tabiiy gazni qazib olishni to‘liq axborotlashtirish va raqamlashtirishdan iborat. Bu orqali konlardagi qazib olingan tabiiy gazni yo‘ldosh suvdan ajratish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, har bir quduqning texnologik ish rejimlarini va umuman, konlarni optimallashtirish bo‘yicha quduq unumdorligining haqiqiy qiymatlarini hisobga olishga erishiladi. Bugungi kunga qadar “Ye-kon” bazaviy dasturiy-texnik kompleksi, shuningdek, konlarni raqamlashtirishning yer usti jihozlashni tezkor boshqarish tizimi (SCADA) ishlab chiqilgan, – dedi U. Nazarov.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri