UEFAning sobiq rahbari hibsga olindi
63 yoshli sobiq futbolchi va amaldor aksilkorrupsiya boshqarmasiga olib kelingan.
Xorij matbuoti tarqatgan xabarlarga ko‘ra, UEFAning sobiq prezidenti, fransiyalik mashhur mutaxassis Mishel Platini JCh-2022 mezbonligini aniqlashda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani bo‘yicha o‘tkazilayotgan surishtiruv ishi doirasida Fransiyada hibsga olindi.
63 yoshli sobiq futbolchi va amaldor aksilkorrupsiya boshqarmasiga olib kelingan.
Eslatib o‘tamiz, Qatar mamlakati 2010 yilning dekabr oyida FIFA ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi qaroriga ko‘ra 2022 yilgi mundial mezbonligini qo‘lga kiritgan edi. Ana o‘shandayoq ingliz matbuoti ushbu jarayonda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani haqida bong urgandi. Xabarlarda qayd etilishicha, ijroqo‘mda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan ayrim amaldorlar Qatar hukumati vakillaridan 5 million dollar miqdorida pora olishgan.
Avvalroq Platini joriy yilning oktabrida 4 yillik taqiq tugashi bilan futbolga qaytishi va o‘z nomini oqlashini ma’lum qilgandi.