UEFA rahbari FIFA prezidentligi uchun kurashmaydi
58 yoshli Cheferin The Rest Is Politics podkastidagi suhbatida hozirgi faoliyatini davom ettirishni afzal ko‘rishini aytdi.
UEFA prezidenti Aleksander Cheferin FIFA rahbarligi uchun kurashga qo‘shilmasligini ochiq ma’lum qildi. Sloveniyalik funksioner 2027-yilda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida Janni Infantinoga raqib bo‘lish niyatida emas.
58 yoshli Cheferin The Rest Is Politics podkastidagi suhbatida hozirgi faoliyatini davom ettirishni afzal ko‘rishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, UEFAda ishlashdan mamnun va FIFA prezidentligi uning rejalariga kirmaydi.
Cheferin yana bir jihatga e’tibor qaratdi: uning fikricha, FIFA rahbari lavozimiga shaxsiy da’vosi bo‘lmasa, tashkilotdagi jarayonlarga nisbatan bildirayotgan tanqidlari va pozitsiyasiga bo‘lgan ishonch yuqoriroq bo‘ladi.
Shu bilan birga, UEFA rahbari 2027-yil mart oyidagi saylovlarda Infantino baribir raqobatga duch kelishi mumkinligini istisno etmadi. Hozircha amaldagi FIFA prezidenti qayta saylanish niyatini bildirgan. Saylov Marokashda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Cheferin 2016-yildan buyon UEFAni boshqarib kelmoqda. Uning amaldagi vakolat muddati 2027-yilgacha davom etadi.