Uchtepada bozorlar faoliyati raqamlashtirilishi natijasida tushumlar 30 foizga oshgan
Shu yil 27-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida profilaktika xizmatlari faoliyatini mahallabay asosda to‘g‘ri tashkil etish, jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mazkur vazifalardan kelib chiqib Uchtepa tumanida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rgandi. O‘rganishlar davomida tumandagi profilaktika ishlari, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, mas’ul idoralar va “mahalla yettiligi”ning hamkorligi kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Ma’lum bo‘lganidek, tumanda patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tunu kun 3 smenali xizmat rejimiga o‘tgan. 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qilib bormoqda. Shuningdek, huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil bo‘lgan fuqarolar bilan manzilli ishlash, videokameralarni o‘rnatish, mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlik mexanizmlari kuchaytirish, jamoat joylarida nazorat va profilaktika tadbirlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

O‘rganishlar davomida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasidagi vazifalar ijrosiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, tuman hududidagi bozorlar faoliyatini raqamlashtirish ishlari natijasida tushumlar 30 foizga oshgan.
Tuman mutasaddilari bilan muloqot mobaynida mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar va huquqbuzarliklarning sabablari, ularni keltirib chiqarayotgan omillar, internet va kibermakondagi tahdidlar bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Ijtimoiy profilaktika ishlariga nuroniylar va mahalla faollarini jalb qilish, kiberjinoyatchilik bo‘yicha tushuntirish ishlarini kengaytirish, jamoat joylarida “tashvish tugmalarini” o‘rnatish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
M.Komilova,
O‘zA