Uchrashuvda 9 ta oilaning yarashishiga erishildi
Oila — inson uchun eng muqaddas maskan. Unda farzand dunyoga keladi, mehr va oqibatni, yaxshilik va bag‘rikenglikni o‘rganadi. Shu bois bir oilaning tinchligi nafaqat ikki inson, balki farzandlar, ota-onalar va butun jamiyat taqdiriga daxldor masaladir. Zero, buzilgan oila ortida faqat ikki kishining ajralishi emas, balki bolaning qalbida qoladigan iz, parokanda bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir taqdir, so‘nishi ehtimol bo‘lgan bir umid bor.
Bugun yurtimizda oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni asrash, nikoh va oila munosabatlarida mas’uliyatni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi va rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarda oila tinchligi, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, farzandlar tarbiyasi uchun munosib muhit yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Chunki oila mustahkam bo‘lsa — mahalla osoyishta, mahalla osoyishta bo‘lsa — jamiyat barqaror bo‘ladi.
Buxoro viloyatining Romitan tumani hokimligi binosida viloyat sudi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan “Oila — jamiyat tayanchi, ma’naviyat beshigi va avlodlar o‘rtasidagi uzviylik ramzi” mavzusidagi uchrashuv ana shu ezgu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Unda tumandagi imom-xatiblar, otinoyilar, fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudiga nikohdan ajratish masalasida murojaat qilgan er-xotinlar, ularning ota-onalari, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor ajrimga kelib qolgan oilalarni yana bir bor muloqotga chorlash, ular o‘rtasidagi ziddiyatlarning asl sabablarini aniqlash, ayniqsa, farzandlar manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda oilani saqlab qolish imkoniyatlarini izlashga qaratildi.
Viloyat sudi raisi o‘z so‘zida er va xotinning oila oldidagi huquq va majburiyatlari, farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyati xususida atroflicha to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, oilaviy munosabatlarda faqat huquq va majburiyatlarni bilishning o‘zi kifoya emas. Uning barqarorligi, avvalo, o‘zaro hurmat, ishonch, sabr-toqat, kechirimlilik va mas’uliyatga bog‘liq. Oilada har bir masala muloqot va murosa orqali hal etilsa, ko‘plab kelishmovchiliklarning oldini olish mumkin. Shu ma’noda, uchinchi shaxslarning er-xotin munosabatlariga ortiqcha aralashuvi ko‘pincha nizoni yanada chuqurlashtirishi, aksincha, oila a’zolarining o‘zaro ishonchi va hurmati muammoning yechimini topishda muhim omil bo‘lishi qayd etildi.
Tadbirda ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi buyurtmasi asosida suratga olingan “Farzand omonat” qisqa metrajli filmi namoyish etildi. Unda nikohdan ajralishning eng og‘riqli oqibatlaridan biri — farzandlar taqdiri haqida so‘z yuritiladi. Unda ota-ona o‘rtasidagi kelishmovchiliklar bola qalbida qanday iz qoldirishi, uning ruhiy holati, tarbiyasi va kelajakka bo‘lgan qarashlariga qay darajada ta’sir qilishi ta’sirchan lavhalar orqali ochib berilgan. Film namoyishidan so‘ng zalda hukm surgan sukutning o‘ziyoq uning ishtirokchilarga qanchalik kuchli ta’sir qilganini ko‘rsatdi.

Zero, kattalar uchun bir qaror bo‘lib tuyulgan ajrim bola uchun butun bir dunyoning o‘zgarishi bo‘lishi mumkin. Bolaning “Nega?”, “Dadam qayerda?”, “Onam nega yig‘layapti?” degan savollari esa ba’zan hech qanday javob bilan osongina izohlab bo‘lmaydigan og‘riqdir. Shu bois oilaviy nizolarga baho berishda faqat er va xotinning emas, farzandning ham manfaatini o‘ylash, uning kelajagini tasavvur qilish nihoyatda muhim.
Uchrashuv davomida Romitan tumani hokimi Umedxon Barnoyev tomonidan joriy yilning sakkiz oyi davomida ajralish yoqasiga kelgan va nizolashayotgan oilalar holati yuzasidan tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Taqdimotda oilaviy nizolarning kelib chiqish sabablari, ularning farzandlar tarbiyasiga ta’siri, ota-ona o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning bolalar ruhiyatida qoldirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Darhaqiqat, statistik raqamlarning har biri ortida muayyan bir oila, muayyan bir taqdir bor. Shuning uchun ham ajrimlar sonini kamaytirish masalasiga oddiy raqam sifatida emas, inson taqdiri va kelajagi nuqtai nazaridan yondashish talab etiladi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahallabay ishlash, oilalardagi muammolarni erta aniqlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish, nizoli vaziyatlarni murosa va profilaktika yo‘li bilan hal etish mexanizmlarining kuchaytirilayotgani ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, oiladagi muammo chuqurlashib, sudgacha yetib bormasidan uni aniqlash va bartaraf etish — bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Tadbirning eng quvonarli jihati shunda bo‘ldiki, uning doirasida ajrim yoqasiga kelib qolgan har bir oila bilan alohida suhbatlar o‘tkazildi. Muammoning sabablari tinglandi, er-xotinning fikrlari o‘rganildi, ota-onalar bilan muloqot qilindi. Imom-xatiblar, otinoyilar va mutasaddi tashkilotlar vakillari ham o‘z tavsiyalari bilan ishtirok etdilar. Eng muhimi, har bir oilaga umumiy yondashuv emas, balki uning konkret muammosidan kelib chiqqan holda yondashishga harakat qilindi. Natijada 9 ta oilaning o‘zaro yarashishiga erishildi. Bu oddiy raqam emas. Bu — to‘qqiz oila saqlab qolindi, farzandlar ota-onasining mehridan mahrum bo‘lmaydi, xonadonlarda kulgu, mehr va totuvlik davom etadi, to‘qqizta oila taqdirida yangi sahifa ochildi deganidir. Aslida, oilani saqlab qolish — nikoh hujjatini saqlashdan ko‘ra ancha kengroq tushuncha. Bu ikki insonning bir-birini qayta anglashi, xatolarini tan olishi, farzandlar uchun mas’uliyatni his qilishi va “men”dan ko‘ra “biz” degan tushunchani ustun qo‘yishlaridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri