Uchqo‘rg‘onda “Sayxunobod tajribasi” amalda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani mahallalarida “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonlar tomorqasi va imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali, aholi daromadini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, 1133 nafar aholi istiqomat qilayotgan Ulug‘bek mahallasining asosiy drayveri tadbirkorlik bo‘lib, mahalla aholisi shuningdek, o‘z tomorqasida dehqonchilik, asalarichilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
Mahalla fuqarolaridan Shokir Tursunov yashash xonadonida asalarichilik, parrandachilik bilan shug‘ullanadi. Akbarali Umaraliyev esa chorvachilik bilan o‘zini o‘zi band qilgan. Yana bir ishbilarmon Qumrixon Zarifboyeva yashash xonadonida o‘zi kabi xotin-qizlar bandligini ta’minlab, “Ustoz-shogird” an’anasi asosida tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tumanga tashrifini aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish tajribasini o‘rganish bilan davom ettirdi. Dastlab, Shahrixonchek mahallasida yashovchi Muhammadjon Dehqonov xonadonida tashkil etilgan issiqxonada limon yetishtirish jarayoni ko‘zdan kechirildi.
Xonadon sohibi o‘z tomorqasidagi issiqxonada yil davomida limon, uning ko‘chatlari orasida turli sabzavotlar yetishtiradi. Bundan tashqari, tomorqa chetlariga mevali daraxtlar ekilgan bo‘lib, ayni vaqtda yong‘oq hosilga kirgan.
Viloyat rahbari boshchiligidagi ishchi guruh Qo‘g‘ay mahallasida joylashgan “Silkez-tex” MCHJ korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan korxonada Qo‘g‘ay, Islomobod, Namuna, Uchyog‘och, Navro‘z va Nurobod mahallasida yashovchi 60 nafar xotin-qiz bandligi ta’minlangan. Bu yerda tayyorlangan mahsulotlarni Rossiya davlatiga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan bo‘lib, hozirga qadar 61,2 ming AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirildi.
Jarayonda tumanidagi “Dafna” korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.
Nam sochiq, bolalar uchun taglik va suyuq sovun ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxonada 100 ish o‘rni yaratilgan. Mahsulot tayyorlashda ishlatiladigan xomashyo xorijiy davlatlardan import qilinadi. Endilikda ushbu jarayon mahalliylashtirilib, korxonani o‘zida xomashyo ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
[gallery-18840]
Korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish jarayonida viloyat rahbari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va joriy yil uchun mo‘ljallangan savdo hajmi bilan qiziqdi. Suhbat davomida yaqin yillarda mahsulotni qo‘shni davlatlarga eksport qilish istiqbollari haqida so‘z bordi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA