Uchqo‘rg‘onda yangi korxona
Namangan viloyati “Uchqo‘rg‘ondonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida “Uchqo‘rg‘onmakaron mahsulotlari” sho‘ba korxonasi ish boshladi.
Namangan viloyati “Uchqo‘rg‘ondonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida “Uchqo‘rg‘onmakaron mahsulotlari” sho‘ba korxonasi ish boshladi.
Bu yerda o‘n turdagi makaron mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va zamonaviy texnologiya yordamida kuniga yetti tonnadan ziyod mahsulot tayyorlanmoqda.
– Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 1 milliard 655 million so‘m sarmoya kiritilib, sifat va ish unumdorligi yuqori bo‘lgan zamonaviy xorij uskunalari o‘rnatildi, – deydi sho‘ba korxona rahbari Zokirjon Oxunjonov. – “MAK U7” savdo belgisi ostida tayyorlanayotgan mahsulotlar savdo nuqtalariga peshma-pesh yetkazib berilmoqda. Korxona mahsulotlari qisqa fursatda qo‘shni Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ham o‘zining doimiy xaridorini topib ulgurdi.
Korxona ish boshlashi bilan 21 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangani, ularning o‘n nafari kasb-hunar kolleji bitiruvchisi ekani, ayniqsa, diqqatga sazovor.
– O‘tgan yili Uchqo‘rg‘on iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirgan edim, – deydi Islombek Ibrohimov. – O‘tgan vaqt mobaynida “Uchqo‘rg‘ondonmahsulotlari” korxonasi qoshidagi non mahsulotlari ishlab chiqarish sexida ish o‘rgandim. Mazkur yangi korxona tashkil etilishi bilan texnolog yordamchisi lavozimida ishni davom ettirmoqdaman.