Uch oyda uch turdagi yangi mahsulot
Surxondaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturi doirasida uch turdagi arzon, sifatli, xorijnikidan qolishmaydigan yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Surxondaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturi doirasida uch turdagi arzon, sifatli, xorijnikidan qolishmaydigan yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.Prezidentimiz rahnamoligida mahalliy xomashyoni o‘zimizda qayta ishlash uchun qulay muhit, keng imkoniyat yaratilayotgani yangi turdagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Mustaqillikning dastlabki yillarida Surxondaryo viloyatida sanoqli korxonadagina paxta xomashyosidan tola ajratib olingani, atigi bitta yengil sanoat korxonasi ip-kalava ishlab chiqarganiyu, temir-beton buyumlari tayyorlaydigan, qishloq xo‘jaligi texnikalarini qayta ta’mirlaydigan bir nechta korxona faoliyat yuritganini keksa avlod vakillari yaxshi eslaydi. O‘sha yillarda viloyatda bitta don mahsulotlarini, bitta go‘sht va ikkita sutni qayta ishlaydigan korxona bo‘lgan, xolos.
Mustaqillik bizga nafaqat erkimizni qaytardi, balki izlanish, yangi g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish uchun keng imkoniyat berdi, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish uchun qulay sharoit yaratdi. O‘tgan qisqa vaqt ichida erishgan yutuqlarimizni mustabid tuzum davridagi ahvol bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, ko‘lami va miqyosiga ko‘ra asrlarga tatigulik ishlarni uddalaganimiz, porloq istiqbolimiz uchun mustahkam poydevor yaratganimiz yaqqol ayon bo‘ladi. Bundan qalbimiz faxr-iftixorga to‘ladi, ertangi kunga ishonchimiz yanada ortadi.
Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda viloyatdagi 21 yirik, 1 ming 359 kichik korxonada 257 turdagi sifatli, raqobatbardosh mahsulot tayyorlanmoqda. Izchil rivojlanayotgan tarmoqda joriy yilning uch oyida 387 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish darajasi 109,2 foizni tashkil etgan. Ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarning bir qismi dunyo bozorida sotilayotgani sanoatni yuksaltirishga qaratilayotgan alohida e’tiborning amaldagi samarasidir. Soha rivoji aholi bandligini, pirovardida farovonlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Ayni paytda sohada o‘n sakkiz mingdan ortiq kishi doimiy ish bilan bandligi fikrimiz dalilidir.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulot, butlovchi buyum va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi yangi turdagi, raqobatbardosh, import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarish imkonini berayotir. Mazkur dasturga kiritilgan korxonalar uchun bir qator imtiyozlar berildi. Jumladan, texnologik uskuna va ehtiyot qismlar, mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarishda ishlatiladigan, chetdan olib kelinadigan kompanentlar bojxona hamda soliq to‘lovlaridan ozod etildi. Prezidentimizning 2015-yil 11-fevraldagi “2015-2019-yillar uchun tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjat asosida Denov tumanidagi "The best oil is south oil" mas’uliyati cheklangan jamiyati yengil va yuk avtomobillarga motor moylari ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. Mutaxassislarning fikricha, ayni paytga qadar mazkur moylar viloyatga chetdan olib kelingan. Korxonada ishlab chiqarilayotgan motor moylari sifati xorijnikidan aslo qolishmaydi.
– Xorij texnologiyasi asosida ishlab chiqarayotgan yangi turdagi dastlabki mahsulotimiz arzonligi va yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘ldi, – deydi “The best oil is south oil" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Davron Imomnazarov. – Chetdan keltiriladigan qo‘shimcha xomashyo uchun bojxona va soliq to‘lovlarida imtiyoz berilgani yutuqlarimiz omili bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aholini tabiiy, arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Viloyat ishbilarmonlarining bunday xayrli tashabbuslarini moliya institutlari qo‘llab-quvvatlab, ularning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kreditlar ajratayotgani ham yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
“Surxon Termiz chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyati rivojida “Aloqabank” aksiyadorlik tijorat bankining Surxondaryo filiali tomonidan berilgan 7 milliard 400 million so‘m kredit mablag‘i qo‘l keldi. Bu xayrli ish xususiy sektorni yanada yuksaltirib, yoshlarni ish bilan ta’minlash, aholini o‘zimizda ishlab chiqarilgan arzon, raqobatbardosh chinni bilan uzluksiz ta’minlash imkonini berdi.
Yangi korxonaning keng, yorug‘ sexlarida bo‘lsangiz, mahalliy yoshlarning xorijnikidan qolishmaydigan chinni buyumlar ishlab chiqarayotganidan beixtiyor faxrlanasiz. Ayni paytda bu yerda 150 ishchi ikki smenada mehnat qilib, 14 turdagi chinni buyumlar ishlab chiqarayotir. Ularning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir.
– Korxonamizga tejamkor zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan, – deydi “Surxon Termiz chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyati ijrochi direktori Rustam Ne’matullaev. – Bu ish jarayonini yengillashtirib, sifatli mahsulot ishlab chiqarishga ko‘maklashadi. Xorij uskunalari yiliga sakkiz million donadan ortiq chinni buyum ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarimizga boshqa viloyatlardan ham buyurtmalar kelib tushmoqda. Kelgusida mahalliy bozordan ortgan qismini xorijga eksport qilishni mo‘ljallamoqdamiz.
Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda tinchlik, ahillik va inson manfaatlarini ta’minlash, xususiy sektorni rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning yorqin ifodasidir.