Uch mamlakat vazirlari Toshkentda uchrashdi
Toshkentda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasining energetika va suv xo‘jaligi sohalariga mas’ul vazirlari ishtirokida navbatdagi ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Energetika vazirligida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, Qozog‘iston Respublikasi energetika vaziri Yerlan Akkenjenov, suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Narimon Nurjigitov, Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev ishtirok etdi. Shuningdek, uch davlatning sohaviy idoralari rahbarlari va mutaxassislari ham muzokaralarda qatnashdi.
Yig‘ilishda yoz mavsumida suv-energetika tizimlarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash, to‘g‘ri va samarali rejalashtirish masalalari muhokama qilindi. Davlatlar o‘rtasida energetika tarmoqlari ish rejimi bo‘yicha muvofiqlashtirilgan grafiklar kelishildi.
Shu bilan birga, tomonlar "Qambarota GES-1" qurilishiga doir amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha yuzasidan fikr almashdi. Mazkur loyiha Markaziy Osiyoda suv va energetika muvozanatini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tegishli bayonnoma imzolandi. Shuningdek, yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi tadbirlarni muvofiqlashtirilgan tarzda tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi, deyiladi vazirlik axborot xizmati xabarida.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA