“Uch kuloh” qalʼasidagi topilmalar
Qalʼa sunʼiy tepalik ustiga qurilgan boʻlib tepa markazidan gʻarbiy tomonda uchta balandlik koʻrinishi sababli mahalliy xalq orasida “Uch kuloh” deb atalgan.
“Uch kuloh” – Buxoro viloyatining shimoliy-gʻarbiy qismi Varaxsha massivi hududida Buxoro shahridan 40 kilometr janubiy-gʻarbda, Qadimgi Varaxsha shahridan 8 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Qalʼa sunʼiy tepalik ustiga qurilgan boʻlib tepa markazidan gʻarbiy tomonda uchta balandlik koʻrinishi sababli mahalliy xalq orasida “Uch kuloh” deb atalgan.

Mazkur yodgorlikni oʻrganish maqsadida 1997-2009-yillarda oʻzbekistonlik va italiyalik arxeologlar bilan hamkorlikda qoʻshma arxeologik ekspeditsiyalar olib borilgan. Yodgorlikning 50 foizi oʻrganilgan.
Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida qalʼadan turli davrlarga oid osori-atiqalar topilgan. Bular orasida devoriy suratlar alohida oʻrin tutadi. Devoriy suratlar IV-V asrlarga oid boʻlib, unda koʻchmanchi choʻl badiiy sanʼati va sosoniylar fors sanʼati uygʻunligini koʻrish mumkin. “Uch kuloh”dan topilgan devoriy suratlar keyinchalik Soʻgʻd rassomchiligi maktabi rivojiga katta hissa qoʻshgan. Ular Panjikent, Afrosiyob, Varaxsha yodgorliklaridan topilgan devoriy suratlardan qadimiyroq.
Uch kulohning asosiy turar joy maydoni 83-84-xonalaridan Kushon-sosoniylar tangalari topilgan.
Aynan shu yerda Soʻgʻdiylarning dastlabki devoriy suratlarini koʻrish mumkin. Suratda jangchilar musobaqasi sahnasi, bezatilgan ot va hayvonlar jangi manzaralari aks ettirilgan.
A84-xona devoriga sosoniylar uslubida ishlangan ot tasviri qisman saqlanib qolgan. Xonaning ikkinchi devorida tuyalar jangi manzarasi tasvirlanganga oʻxshaydi. Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki viloyat hududida “Uch kuloh”ga oʻxshagan, oʻrganilmagan madaniy meroslar koʻp. Ularni tadqiq etish muzeylar ekspozitsiya va fondlari toʻldirilishi hamda yangidan-yangi turizm yoʻnalishlari ochilishiga xizmat qiladi.
Elbek SOBIROV,
viloyat madaniy meros boshqarmasi bosh mutaxassisi