Uch gektar yer uchun 40 ming dollar...
Jamiyat rahbari ish tez va muammosiz hal boʻlishi evaziga fuqarodan 40 ming AQSH dollari berishni talab qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamkorligida yer savdosi bilan bogʻliq yana bir jinoiy harakatga chek qoʻyildi.
Urganch tumanida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari shu tumanda yashovchi, 1990-yilda tugʻilgan fuqaroning ishonchiga kirib, jamiyatga chorvachilik uchun ajratilgan yer maydonidan 3 gektarini Urganch tumani hokimligi zaxirasiga qaytarib, uning nomiga rasmiylashtirib berishini vaʼda qiladi.
Jamiyat rahbari ish tez va muammosiz hal boʻlishi evaziga fuqarodan 40 ming AQSH dollari berishni talab qiladi.
Oʻz haq-huquqini yaxshi bilgan urganchlik fuqaro ushbu firibgarlik holati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qiladi.
Murojaatga asosan oʻtkazilgan tezkor tadbirda jamiyat rahbari fuqarodan 3 gektar yer maydoni evaziga talab qilgan 40 ming AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Holat yuzasidan jamiyat rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Shu oʻrinda haqli bir savol tugʻiladi. Nahotki, fuqarolar yer maydoni ajratish yoki uy-joy qilishda qonunni chetlab oʻtib, tinch hayotini jinoyat manziliga almashtirsa? Noqonuniy daromad orttirishni koʻzlab, qingʻir yoʻl bilan notoʻgʻri manzil sari otganlangan ushbu fukaro endilikda qonun oldida javob berishga majbur.