Tyerri Anri: futbolchilar o‘zlari o‘ylagandan ham ko‘proq kuchga ega
Fransiyalik sobiq futbolchining fikricha, futbolchilar o‘z imkoniyatlarini yetarlicha anglamayapti.
Fransiya terma jamoasi va «Arsenal»ning sobiq hujumchisi Tyerri Anri professional futbolchilar jahon futbolida yuz berayotgan jarayonlarga hozirgidan ancha katta ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytdi.
Fransiyalik sobiq futbolchining fikricha, futbolchilar o‘z imkoniyatlarini yetarlicha anglamayapti. Agar ular muhim masalalarda birgalikda qat’iy pozitsiya egallasa, FIFA va boshqa futbol tashkilotlari ham ularning talablarini e’tiborsiz qoldira olmaydi.
«Menimcha, futbolchilar o‘zlari tasavvur qilganidan ham ko‘proq kuchga ega. Agar ular o‘zgarish istasa, ayniqsa hozirgi davrda, bunga erisha oladi.
Kuch futbolchilarning o‘z qo‘lida. Biroq ba’zan ular undan foydalanmaydi yoki qanday imkoniyatga ega ekanini to‘liq tushunmaydi. AQSH sportiga qarang: o‘yinchilar muhim masalani ko‘tarsa, liga ularni tinglaydi. Buni NBA va NFL misolida ko‘rganmiz», — dedi Anri.
Uning ta’kidlashicha, futbolda esa o‘yinchilarga ko‘pincha faqat maydonga tushib, tomoshabinlarni xursand qilish va o‘z vazifasini bajarish kerak bo‘lgan shaxs sifatida qaraladi.
Anri futbol taqvimi, tijoriy manfaatlar va futbolni boshqarish bilan bog‘liq qarorlarda o‘yinchilarning ovozi kuchliroq eshitilishi kerakligini qayd etdi. Uning fikricha, professional futbolchilar birlashib harakat qilsa, sportdagi jiddiy o‘zgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkin.