Ustozlar sharaflandi
Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Samarqandda bayram tadbiri o‘tkazildi.
Marosimga ta’lim sohasi xodimlari va faxriylari bilan birga jamiyat hayotining boshqa tarmoqlarida fidokorona mehnat qilib, chinakam ustozlik maqomiga erishgan insonlar, yoshlar vakillari taklif etildi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev tadbir qatnashchilari va ularning timsolida samarqandlik barcha o‘qituvchi va murabbiylarni, ustozlarni bayram bilan tabrikladi.
Yurtimizda keyingi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari, viloyat yoshlarining ilm-fan, sport va boshqa sohalarda erishayotgan muvaffaqiyatlari tilga olindi. Bunda qadrli ustoz va murabbiylarning zahmatli mehnati, fidoyiligi borligi qayd etildi.
– Bugungi kunda viloyatimizda 1365 ta maktab, 8 ta akademik litsey, 62 ta texnikum va 17 ta oliy ta’lim muasssasasi, ellikdan ortiq sport, musiqa va san’at maktablarida hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan muhtaram ustoz va murabbiylarimiz faoliyat ko‘rsatmoqda, – dedi A.Boboyev. –Bugun maktablarimizdagi o‘qituvchilarning sifat tarkibi o‘tgan yilga nisbatan 27 foizdan 32 foizga oshdi. Oliy ta’limda ilmiy salohiyat, ya’ni ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar ulushi o‘rtacha 60 foizga yetkazildi. Bayram arafasida viloyatimizdan 7 nafar ustozimiz davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi. 78 nafar o‘qituvchimiz “Xalq ta’limi a’lochisi” va “Xalq ta’limi fidoyisi”, 20 nafari “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi”, 53 nafari “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Bularning barchasi samarqandlik ustoz va murabbiylarning zahmatli mehnatlari e’tirofidir.
[photobank-31725]
Bayram tadbirida bir guruh faol va tashabbuskor o‘qituvchilar, turli sohalarda samarali mehnat qilgan faxriylar viloyat hokimligining tashakkurnomasi hamda bayram sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Marosimda samarqandlik san’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari