Tutingan ota-onalarga sertifikatlar topshirildi
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi hamda Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyi huzurida tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etildi.
Yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilada tarbiyaga olayotgan yoki oilaviy bolalar uyi tashkil qilish istagida bo‘lgan 22 nafar tinglovchi tutingan ota-onalar kursda o‘qitildi.
Bir oy davomida kurs tinglovchilariga respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining yetakchi tajribali mutaxassislari tomonidan mashg‘ulotlar olib borildi. Kurslar ma’ruza, seminar, amaliy va ko‘chma mashg‘ulot, tajriba almashish tarzida olib borildi. Mashg‘ulotlar jarayonida tinglovchilarga bolalar psixologiyasi va pedagogikasi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari, tutingan ota-onalarning majburiyatlari haqida batafsil tushuncha va bilimlar berildi.
Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchi tutingan ota-onalarga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva maxsus bilim va malakaga ega bo‘lganliklarini tasdiqlovchi sertifikatlarni topshirdi.



Zarif KOMILOV, O‘zA