Turon yo‘lbarslari: yangi iqtidorlar kashf etilmoqda
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan, sport maktablari va maktab-internatlarining “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari qatnashdi.
Musobaqada 15 jamoa 9 shart bo‘yicha o‘zaro bellashib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Muhimi, bu shartlar ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, harbiy ko‘nikmalari va jamoaviy hamkorlik darajasini aniqlashga xizmat qildi.

Yakunda birinchi o‘ringa Muhammad Yusuf nomidagi Andijon viloyati ijod maktabi jamoasi loyiq ko‘rildi va mutlaq g‘olib deb topildi. Ular musobaqa kubogi, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ikkinchi o‘rinni Halima Xudoyberdiyeva nomidagi Sirdaryo viloyati ijod maktabi, uchinchi o‘rinni esa Erkin Vohidov nomidagi Farg‘ona viloyati ijod maktabi jamoasi egalladi.

Shuningdek, musobaqa davomida kuch va mahoratlarini namoyon etgan jamoa a’zolari turli nominatsiyalar bo‘yicha quyidagicha taqdirlandi. Jumladan, “Eng uyushgan jamoa nominatsiyasi” – Guliston tuman ixtisoslashtirilgan maktab internati jamoasiga, “Eng bilimdon jamoa nominatsiyasi” – Yangibozor tuman ixtisoslashtirilgan maktab internati jamoasiga, “Eng chaqqon jamoa nominatsiyasi” – Nishon tumani ixtisoslashtirilgan maktabi jamoasiga munosib etdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimiz kelajagini belgilashda shijoatli, maqsadni aniq qo‘yib shu asosda harakat qilayotgan yoshlarning o‘rni katta. Ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ilm-fan, zamonaviy texnika va texnologiyalarni puxta egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun yetarlicha sharoitlar yaratilmoqda.

A.Musayev, O‘zA