“Turon mash’ali” – eng yaxshi teatr jamoasi
Andijon viloyati musiqali drama teatrida “Turon teatr maktabi” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning ochilish marosimida so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, boshqarma boshlig‘i O‘tkirbek Shukurov mazkur tanlov o‘quvchi yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ma’naviy qarash va tushunchalarini boyitish, intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga, eng asosiysi, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.


Umumta’lim maktablari teatr jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovning viloyat bosqichida 16 jamoa ishtirok etib, belgilangan ikki shart asosida o‘zlarining iqtidor va mahoratlarini namoyish etdi.
Ishtirokchi jamoalarining chiqishlarini kuzatib, o‘quvchilarimiz orasida teatr san’atiga qiziquvchi, mahoratli yosh iqtidor sohiblari ko‘p ekanligiga guvoh bo‘ldik.


Ta’kidlash joizki, viloyatda mazkur tanlovning quyi bosqichlarida maktab teatr jamoalari katta sahnada o‘zlarining ijod namunalarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi.
Tanlovning viloyat bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra, Asaka tumanining “Turon mash’ali” teatr jamoasi birinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Tanlovda ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Xonobod shahrining “Turon bolalari”, Oltinko‘l tumanining “Ibrat” jamoalariga nasib etdi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari, shuningdek, faol ishtirok etgan teatr jamoalari viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari