«Turkmen Health-2026»: O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlari Turkmaniston bozorida munosib o‘rin egallamoqda
Mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirish, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash hamda mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini jahon bozoriga keng tanishtirish borasida qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 10-12-oktabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida yuqori saviyada o‘tkazilgan nufuzli «Turkmen Health-2026» xalqaro ko‘rgazmasida mamlakatimizning «Made in Uzbekistan» milliy stendi tashkil etildi. Unda yurtimizning 12 ta yetakchi mahalliy farmatsevtika kompaniyasi o‘zlarining so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari, yuqori sifatli va xavfsiz mahsulotlari hamda zamonaviy ishlab chiqarish salohiyatini keng namoyish etdi.
Xalqaro tadbir doirasida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar va muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Xususan, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh dori vositalarini qo‘shni mamlakatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini jadallashtirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Turkmanistondagi davlat xaridlari va tenderlarda bevosita ishtirok etishini ta’minlash masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarini Turkmaniston bozoriga keng ko‘lamda yetkazib berish, ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-qoidalarini yengillashtirish va tezlashtirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Turkmanistonda o‘tkaziladigan tenderlardagi faol ishtirokini kengaytirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.
Bu kabi xalqaro maydonlardagi ishtirok mamlakatimiz farmatsevtika sanoatining eksport geografiyasini sezilarli darajada kengaytirib, milliy mahsulotlarimizning jahon miqyosidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA