Turkiya: Yangi mudofaa pakti NATOning 5-moddasiga o‘xshash
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Pokiston va Saudiya Arabistoni bilan imzolangan Makka o‘zaro mudofaa shartnomasi texnik jihatdan NATOning 5-moddasida mustahkamlangan o‘zaro mudofaa tamoyiliga mos kelishini ta’kidladi.
Ishtirokchilar qo‘shma bayonotiga ko‘ra, tomonlardan biriga qurolli hujum barchaga qarshi hujum deb hisoblanadi.
Mulozim yangi ittifoq haqida gapirar ekan, shunday degan:
– Bizga hujum qilmagan mamlakat biz uchun nishon bo‘lmaydi... Saudiya, Pokiston va Turkiya ekspansionist davlatlar emas.
U shartnoma Eronga qarshi qaratilmagani, uch davlat jamoaviy xavfsizligini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi. Shuningdek, Saudiyada joylashadigan doimiy bosh kotibiyat tarkibida NATO modelidagi vazirlar qo‘mitasi tashkil etilishini e’lon qildi. Hujum sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatish usullarini o‘z ichiga olgan amaliy tafsilot qo‘mitaning birinchi yig‘ilishida aniqlanadi.
Darvoqe, Misr va yana bir necha davlat mazkur ittifoqqa qiziqish bildirmoqda. Qolaversa, bu uch mamlakat Kavkaz yurtlari bilan ham Makka uslubidagi qo‘shma mudofaa shartnomasini imzolashi mumkin.
– Turkiya Yaqin Sharq, Kavkaz, O‘rta yer dengizi va Yevropaga nisbatan shunga o‘xshash strategik pozitsiyaga ega, – deya ta’kidladi u.
Kelishuv ustida ish ikki yil-u sakkiz oy davom etgan. Ta’kidlanishicha, Turkiya RF va Ukrainaga harbiy harakatga moratoriy kiritish taklifini ham yetkazgan.
S.Rahimov, O‘zA