Turkiya, Saudiya va Pokistonning mudofaa ittifoqi mintaqada nimani o‘zgartiradi?
Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasida imzolangan Makka qo‘shma mudofaa shartnomasi nafaqat mintaqaviy harbiy muvozanat, balki xalqaro qurol bozorining tuzilishini ham o‘zgartirishi mumkin, deb yozmoqda “The National Interest” nashri.
Xabarda ta’kidlanishicha, “Turkiya sanoati, Saudiya Arabistonining moliyaviy resurslari va Pokistonning harbiy tajribasi” uyg‘unligi kuchli yangi mudofaa-sanoat majmuini yaratishi mumkin.
Turkiya zamonaviy texnologiyalarga, jumladan, uchuvchisiz tizimlarga ega, Saudiya Arabistoni katta moliyaviy resurslarga ega va Pokiston zirhli transport vositalari, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni ishlab chiqarishga, shuningdek, harbiy texnikani ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishga qodir.
Maqola muallifi Pokistonning logistika va ta’mirlash bazasiga alohida ahamiyat qaratib, “usiz tizimlarning ishlovchanligini saqlab qolish deyarli imkonsiz” ekanligini ta’kidlaydi. Shuningdek, nashrda kelajakda uch mamlakat qo‘shma eksport platformasini yaratishi mumkinligi qayd etilgan.

E’tiborli jihati, nashr ushbu kelishuv Qo‘shma Shtatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatni anglatmasligini ta’kidlagan.
Turkiya yetakchisi Rejep Tayyib Erdog‘an “Asharq Al-Awsat” gazetasiga bergan intervyusida Makka mudofaa shartnomasi haqida fikr bildirib, hujjat biron bir davlatga qarshi qaratilmaganligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvning asosiy maqsadi mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishdir. Erdog‘anning qo‘shimcha qilishicha, mexanizm boshqa “qardosh davlatlar”ning qo‘shilishi uchun ochiqligicha qolmoqda.
S.Rahimov, O‘zA