Turkiya, Qatar, Pokiston va Indoneziya mudofaa sanoatida kuchlarini birlashtiradi
Turkiya, Qatar, Pokiston va Indoneziya mudofaa sanoatida hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirgan. “Anadolu” xabar berishicha, tegishli memorandum bugun Doxada imzolanishi kutilyapti.
Hujjatda texnologiya, axborot va tajriba almashinuvi, mutaxassis tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va ishlanma sohalaridagi sheriklik ko‘zda tutilgan.
Tashabbusdan ko‘zlangan maqsad to‘rt mamlakat milliy mudofaa salohiyatini mustahkamlash va qo‘shma sanoat loyihalarini kengaytirishdir.
Hamkorlar alohida qurol qismlarini tadqiq qilish va ishlab chiqarishni rivojlantirish, muhandislik tajribasi bilan o‘rtoqlashish, birga yaratilgan mahsulotlarni jahon bozorida ilgari surish imkoniyatini o‘rganadi.
Bu davlatlar allaqachon ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Masalan, Turkiya va Indoneziya o‘rtasida KAAN qiruvchi samolyoti, “Kaplan MT” tanki va “Atmasa” kemaga qarshi raketasi bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda.
S.Rahimov, O‘zA