Turkiy dunyo muzeylari rahbarlari Andijonda jam bo‘ldi
“Andijon – 2026-yilda Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” dasturi doirasida Turkiy dunyo muzeylari rahbarlarining V uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston va Qirg‘izistondan tashrif buyurgan muzey sohasi vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanda turkiy xalqlarning boy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash, milliy qadriyat va an’analarni keng targ‘ib etish, muzeylar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish davomida muzeylar faoliyatini takomillashtirish, o‘zaro tajriba almashish, muzey fondlarini boyitish hamda noyob eksponatlarni keng jamoatchilikka namoyish etish borasida fikr almashildi. Shuningdek, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilinib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan takliflar bildirildi.
Anjuman yakunida 2027-yilda Turkiy dunyo muzeylari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi hamda TURKSOY muzeylar uyushmasining davriy yig‘ilishini Turkiyada o‘tkazish belgilandi. Shu munosabat bilan ramziy estafeta Turkiya vakillariga topshirildi.
Mazkur xalqaro uchrashuv turkiy xalqlarning mushtarak madaniy merosini asrab-avaylash, tarixiy va madaniy boyliklarni kelajak avlodlarga yetkazish, shuningdek, muzeylar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
[gallery-32087]