Turkiy davlatlar tashkiloti sudyalar kengashlari rahbarlarining to‘rtinchi yig‘ilishi
Samarqand shahrida 22-may kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Sudyalar kengashlari rahbarlarining IV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Sudyalar kengashlari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar hamda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro tadbir ishtirokchilariga murojaati o‘qib eshittirildi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan bunday formatdagi forumlar mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik, sudyalar hamjamiyati organlari o‘rtasida amaliy hamkorlik va xalqlarimiz o‘rtasida samimiy do‘stlik munosabatlarini kuchaytirishda muhim maydon ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor turkiy davlatlar sudlarida odob-axloq normalarining umumiy standartlarini joriy etish, sudyalarni tayyorlash samaradorligini oshirish va sud tizimini raqamlashtirish orqali odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlikni jadallashtirish masalalariga qaratildi.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra ishtirokchilar Cudyalar odobining umumiy prinsiplari to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumini qabul qildilar. Ushbu hujjatda turkiy davlatlarning milliy huquqiy an’analari va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda sudyalarning xulq-atvor mezonlari belgilandi.


Turkiy davlatlar tashkiloti Sudyalar kengashlari rahbarlarining navbatdagi V yig‘ilishi Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilishi belgilandi.
O‘zA