Turkiy birdamlik – umumiy taraqqiyot va xalq farovonligi yo‘lida
Turkiy davlatlar tashkilotining Anqara sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi murakkab geosiyosiy vaziyat, xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi o‘zgarishlar va global ta’minot zanjirlarining qayta shakllanishi davlatlardan o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikni kuchaytirishni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Turkiy davlatlar tashkilotini umumiy manfaatlar va aniq iqtisodiy natijalarga xizmat qiladigan samarali hamkorlik maydoniga aylantirishga qaratilgan yondashuv dolzarbdir.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Turkiy dunyo – 100” dasturi doirasida yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini amalga oshirish tashabbusi alohida e’tiborga loyiq. Strategik mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, “yashil” energetika uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar tayyorlash iqtisodiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochadi.
Bunday loyihalarning eng muhim samarasi yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kengaytirishda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, kichik biznes vakillarini qo‘shma loyihalarga jalb etish, ularning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish muhimdir. Zero, iqtisodiy taraqqiyotning asosiy mezoni uning insonlar hayotiga olib kiradigan ijobiy o‘zgarishlaridir.

Tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘p tomonlama huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish taklifi ham amaliy ahamiyatga ega. Tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish, sud qarorlarini tan olish va ijro etish, hujjatlarni elektron almashish imkoniyatlarini kengaytirish biznes uchun ishonchli huquqiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, O‘rta koridor va unga tutash transport yo‘laklarini yagona iqtisodiy tizimga aylantirish ham strategik ahamiyatga ega. “Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i”ni tashkil etish tashabbusi mamlakatlarimizning tranzit va savdo salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi.
Bu jarayon Toshkent shahri uchun ham muhim istiqbollarni ochadi. Poytaxtimiz yirik iqtisodiy, savdo va xizmat ko‘rsatish markazi sifatida xalqaro aloqalarning kengayishidan manfaatdor. Logistika tizimining takomillashuvi tadbirkorlar uchun yangi bozorlarni ochish, savdo hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, “Turkiy turizm alyansi”ni tashkil etish tashabbusi iqtisodiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Nutqda qayd etilganidek, 2025-yilda Tashkilotga a’zo davlatlarga 100 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich mintaqaning ulkan turizm salohiyatini namoyon etadi.
Toshkentning tarixiy obidalari, madaniy maskanlari va zamonaviy infratuzilmasi xalqaro sayyohlarni jalb etish uchun katta imkoniyatlarga ega. Turkiy mamlakatlar bilan turizm aloqalarining kengayishi mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarida yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Fuqarolarning o‘zaro safarlarini yengillashtirish, ID-kartalar asosida sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ham e’tiborga molik. Bunday yondashuv turizm bilan birga ta’lim, savdo, biznes va madaniy almashinuv aloqalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Sammitda ta’lim va yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgani ham muhim. Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar vakillari uchun har yili 200 ta ta’lim grantini ajratishga tayyor ekanini bildirdi. Bu tashabbus yoshlarning zamonaviy bilim olishi, xalqaro tajriba orttirishi va kasbiy salohiyatini oshirishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Bugungi kunda inson kapitali iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omillaridan biridir. Yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi va munosib ish topishi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish kelajakka yo‘naltirilgan muhim sarmoyadir.
2027-yilni Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish tashabbusi ham dolzarbdir. Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muvozanatni saqlash, ayniqsa, yirik shaharlar uchun muhim vazifadir. Toshkentda ham yashil hududlarni asrash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
“Umumturkiy so‘zlar lug‘ati”ni yaratish tashabbusi esa xalqlarimizning umumiy tarixiy va ma’naviy merosini asrab-avaylashga xizmat qiladi. Turkiy tillardagi mushtarak so‘zlarni jamlash, ularni ilmiy o‘rganish va yosh avlodga yetkazish madaniy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi.
Umuman, Anqara sammitida ilgari surilgan tashabbuslar iqtisodiy hamkorlik, investitsiya, tadbirkorlik, ta’lim, turizm va ekologiya kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Ularning amaliy ijrosi mamlakatlarimiz taraqqiyotiga qo‘shimcha turtki berishi bilan birga, fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
“Adolat” sotsial-demokratiya partiyasi Toshkent shahar Kengashi ushbu jarayonlarda, avvalo, tashabbuslarning ijtimoiy samaradorligiga e’tibor qaratadi. Yoshlar bandligini ta’minlash, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va aholi turmush sifatini yaxshilash masalalari bu boradagi ustuvor yo‘nalishlardir.
Ishonamizki, turkiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlik yanada mustahkamlanib, umumiy tashabbuslar xalqlarimiz farovonligi va barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
“Adolat” sotsial-demokratiya partiyasi
Toshkent shahar Kengashi raisi.
O‘zA