Turkiy birdamlik sari yana bir qadam
Yaqinda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahliliy markazi direktori Adham Mamadjonov O‘zAga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Ushbu sammitda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar bugungi murakkab xalqaro vaziyatda o‘zaro ishonch, konstruktiv muloqot va hamkorlikni kuchaytirish har qachongidan muhimligini yana bir bor isbotladi.
Global miqyosda geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir vaqtda TDTning nufuzi ortib borayotgani tashkilotga a’zo davlatlarning o‘zaro birdamligi va strategik hamkorligi mustahkamlanayotganidan dalolat. Ayniqsa, iqtisodiy integratsiya va moliyaviy institutlar faoliyati jadallashishi kelgusida o‘zaro aloqalarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida bugungi kunda jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olib borayotgani va bu sharoitda xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yanada kuchayib, global institutlarning o‘rni va ta’siri borgan sari zaiflashib borayotgani sababli o‘zaro muloqotni faollashtirib, muhim masalalar yuzasidan uyg‘un pozitsiyalar ishlab chiqish zarurligini alohida takidladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda TDT nufuzli tuzilmalardan biriga aylanganini ham alohida e’tirof etdi. Zero, 2025-yil tashkilotga a’zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshib, o‘sish sur’ati global ko‘rsatkichdan ikki karra ko‘tarildi. Joriy yildan Turkiy investitsiya jamg‘armasi, Markaziy banklar kengashi, Yashil moliyalashtirish bo‘yicha Turkiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz tashkilot doirasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish, “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish, Toshkent shahrida a’zo davlatlar ishtirokida Texnologiyalar forumini o‘tkazish taklifini bildirdi. Qolaversa, ilm-fan, ta’lim va yoshlar masalalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini hamkorlikda chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etish, Xiva shahrida Yosh liderlar forumi va Xalqaro yoshlar festivalini o‘tkazish, Yoshlarning istiqbolli startaplari, innovatsion ishlanmalari, sun’iy intellektga asoslangan turli yechimlarini moliyalashtirish uchun Qo‘shma venchur jamg‘armasini tashkil etish, raqamli logistika platformalarini yaratish va integratsiya qilish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida Turkiy davlatlar tashkiloti iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratish hamda ekologiya masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida Tashkilot doirasida 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish kabi bir qancha tashabbuslarni ham bildirdi.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan terrorizm, ekstremizm va yot oqimlarga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, kiberxavfsizlik sohasidagi aloqalarni kengaytirish va zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, tezkor axborot almashish, shuningdek yangi tahdidlarni aniqlash va oldini olish maqsadida Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyans tuzish kabi qator fikrlarni ilgari surdi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbuslar Turkiy davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, logistika va innovatsiya sohasida strategik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bildirilgan takliflar zamonaviy global taraqqiyot talablariga to‘liq mos keladi.
Xavfsizlik sohasida ilgari surilgan tashabbuslar bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tashabbuslar turkiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash bilan birga, mintaqaning tinchligi va barqaror taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar TDT doirasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamda xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ayniqsa, zamonaviy tahdid va global beqarorlik kuchayib borayotgan bugungi davrda o‘zaro ishonch, birdamlik va strategik sheriklikni rivojlantirish muhim omildir. Ilm-fan, raqamli texnologiya, yoshlar siyosati, ekologiya va kiberxavfsizlik yo‘nalishlaridagi amaliy tashabbuslar esa turkiy davlatlarning umumiy taraqqiyoti, mintaqaviy barqarorlik hamda xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonamiz.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.