Turizm sohasining “katta ma’lumotlar” platformasi yaratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev Xitoy turizm akademiyasi rahbari Lin Chjun xonim bilan uchrashdi.
Tomonlar hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi. Qo‘mitaning xabar berishicha, o‘zbekistonlik mehmonlar Akademiyada ishlab chiqilgan “Tourism Big Data Platform” tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tizim sohaga tegishli bo‘lgan 300 dan ortiq ko‘rsatkichlar va 140 indekslarni onlayn monitoring qilish imkonini beradi. Platforma 2017 yilda “Ctrip” sayyohlik agentligi bilan hamkorlikda Akademiya huzurida tashkil etilgan “katta ma’lumotlar” laboratoriyasi tomonidan ishlab chiqildi. U turizmni rivojlantirishda makro va mikroma’lumotlar, bozor tajribasi va kasbiy bilimlardan foydalanishga qaratilgan.
Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash platforma yaratish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu borada mahalliy turizm sanoati holatini baholash maqsadida tizim imkoniyatlarini sinab ko‘rish taklif etildi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA.