Turizm: Buxoroda sayyohlar oqimi ortmoqda
Buxoroda joriy yilda umumiy qiymati 500 milliard so‘mlik 42 ta turistik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Viloyatda 2017-2021 yillarda mehmonxona, restoran, turoperatorlar, gidlar va sayyohlar soni 5 baravarga, turistik avtobus va mikroavtobuslar soni 10 baravarga oshgan. Ayni paytda viloyatdagi 427 ta mehmonxona va joylashtirish vositalarida bir kunda qariyb 11 ming nafar sayyohni qabul qilish imkoniyati mavjud. Bu 2016 yilga nisbatan 5 baravarga ko‘p. Xorijiy avikompaniyalar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buxoro xalqaro aeroportiga mahalliy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlardan tashqari Rossiya, Yevropa, Turkiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan jami 871 ta charter reyslar amalga oshirilgan.
[gallery-6837]
Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda turizm xizmatlari hisobiga viloyat iqtisodiga mahalliy sayyohlardan 138,4 milliard so‘m, xorijiy sayyohlardan 12,2 million AQSH dollari tushgan. Prezidentimizning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” dasturi doirasida aholini sayohatga jalb qilish uchun Mahalla, Yoshlar va Kasaba uyushmalari kesimida, viloyatdan respublika hududlariga chiquvchi hamda respublika hududlaridan jalb qilinuvchi sayyohlarning reja grafik-jadvallari ishlab chiqilgan.
Mahalliy ko‘ngilli turoperatorlar tomonidan mahallabay, tashkilotbay, sektorbay tarzda hokim yordamchilari bilan hamkorlikda targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Joylashtirish vositalari va restoranlar tomonidan joriy qilingan chegirmalar va turoperatorlar tomonidan ishlab chiqilgan maxsus turpaketlar asosida 1000 nafardan ortiq kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nuroniy va chin yetimlar uchun “Yetti pir” ziyoratiga sayohat tashkil qilingan. Buxoro viloyati va respublika hududlari o‘rtasida viloyat hokimlari bilan sayyohlik almashinuviga doir o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolangan. Buning natijasida 2022 yilning birinchi choragida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” ichki turizm dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Respublika hududlaridan kelgan mahalliy sayyohlar soni 550 ming va Buxoro viloyatidan respublika hududlariga ziyoratda bo‘lgan mahalliy sayyohlar soni 148 ming nafarni tashkil etgan. 1 ming 750 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Viloyatda tashkil qilinayotgan joylashtirish vositalari, ayniqsa, ichki turizm uchun hamyonbop mehmon uylari va xostellar soni 2021 yilning o‘zida 100 taga ko‘paydi. Birgina turizm va unga yo‘ldosh xizmat ko‘rsatish sohalarida 2022 yilning birinchi choragida 1 ming 300 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Yil yakuniga qadar 12 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga 2022 yil yakuniga qadar 42 ta katta-kichik hajmdagi, 3-4-5 yulduzli, 500 milliard so‘m investitsiya miqdoridagi mehmonxonalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA