Turizm: aholi bandligi ta’minlanmoqda
Ko‘xna va boqiy Buxoro qadimiy obidalari, milliy hunarmandchiligi va madaniy merosi bilan azaldan sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelgan.
Joriy yilning yanvar – avgust oylarida viloyatga 880,2 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar orqali turizm eksporti 220,1 million AQSH dollariga yetdi. Xorijiy sayyohlar oqimi esa o‘tgan yilning mos davri (753,2 ming)ga nisbatan 116,8 foizga oshdi.
Shu bilan birga, respublika hududlaridan Buxoroga 2,8 million nafar mahalliy aholi sayyohga kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri (2,4 million)ga nisbatan 116,6 foizga oshgan. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida esa Buxorodan respublika hududlariga 819,6 ming nafar sayyohlarning sayohati tashkil etildi.
[gallery-19362]
Qolaversa, joriy yilning mart oyida Buxoro shahrida “Ichki turizm yarmarkasi” va “Bukhara Destination Forum”i bo‘lib o‘tdi. Unda, Misr, Iordaniya, Livan, Jazoir kabi arab davlatlaridan turizm sohasi vakillari, viloyatdagi va respublika hududlaridan turoperator, gid-ekskursovod, mehmonxona xo‘jaligi mutasaddilari ishtiroki ta’minlandi.
2024 yilning 3-5 may kunlari Buxoro shahrida “II Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali” bo‘lib o‘tdi. Festival doirasida 42 ta mamlakatdan 157 nafar xorijiy mehmonlar tashrif buyurdi.
Ziyorat turizm yo‘nalishida, joriy yilning 30 may kuni Singapurda “Crescent Rating” tashkiloti tomonidan tashkil etilgan “Halal In Travel – Global Summit 2024” umumjahon sammitida 27 ta davlatdan 80 nafardan ko‘proq vakillari ishtirok etgan bo‘lib, bu yilgi “Halal In Travel – Global Summit 2024” mukofoti Buxoro viloyatiga topshirildi.
Joriy yilning yanvar – avgust oylarida turizm va yondosh sohalarda qariyb 12,3 ming nafar yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi natijasida bugungi kunda turizm va unga yondosh sohalarda 64,9 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.