Tungi qum kushandalari qo‘lga olindi
Surxondaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazgan tungi reyd tadbirida “Surxon” daryosining Jarqo‘rg‘on tumani Yangi usul mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi qismida noqonuniy qum qazish holatiga duch keldi.
Jarqo‘rg‘on tumani Dam mahallasida yashovchi Bozor Yunusov (ism-shariflar o‘zgartirildi) o‘z boshqaruvidagi frontal yuklagich texnikasi bilan qum xomashyosini “KamAZ” va “HOVO” rusumli yuk mashinalariga yuklayotgani aniqlandi. Tunda qum tashilayotgan yuk mashinalari Dam mahallasida yashovchi Azim Suyarov va Polvonlar yurti mahallasida istiqomat qiladigan Toir Irgashevlarga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy chora belgilanib, qonunbuzarlarning har biriga 11 million 250 ming so‘mdan jarima va 45 million so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri