Tumanlarda mehnat yarmarkalari
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida aliment bilan bog‘liq hujjatlar ijrosi doirasida oilalarni yarashtirish, ishsiz yurgan aliment to‘lovchilarning bandligiga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Mingbuloq tumani madaniyat markazida tuman hokimligi, adliya, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi”ga asosan ish bilan band bo‘lmagan aliment to‘lovchilar taklif qilindi.
Aholi daromadlarini oshirish, ishsiz fuqarolarni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularni qulay mehnat bozoridagi foydali, kafolatlangan ish o‘rinlari bilan ta’minlash maqsadidagi tadbir yuqori saviyada o‘tdi. O‘ttiz nafardan ortiq ish bilan band bo‘lmagan aliment to‘lovchi har bir korxona, tashkilotlar mas’ullari tomonidan sharoitlar, oylik maoshlar bilan tanishtirildi.

-- Guliston mahallasidanman, sudning qaroriga ko‘ra, bir nafar farzandim uchun aliment to‘lash belgilangan,-- deydi fuqaro T. A.--Aksariyat hollarda ishsizligim sababidan bolam ta’minotida qiyinchiliklar bo‘lardi. Bugungi yarmarkaga taklif etishdi va suv xo‘jaligi korxonasiga ishga yo‘llanma oldim.
Mehnat yarmarkasida xududdagi 97 ta korxona va tashkilot mavjud 309 ta ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Natijada sakkiz nafar fuqaroga ishga yo‘llanma, 14 nafariga mehnat qonunchiligi bo‘yicha huquqiy tushunchalar berildi.

Chust tumanida bo‘lib o‘tgan xuddi shunday tadbirda 15dan ortiq korxona va tashkilot o‘zlaridagi 120dan ortiq bo‘sh ish o‘rnini aliment to‘lovchilarga taklif etdi. Birgina “Namangan metallurgiya” mas’uliyati cheklangan jamiyati 50 ta ish o‘rni bilan ishtirok etdi va qulay mehnat sharoitlari, yaratilgan qulayliklar haqida tushuncha berildi.
-- Yarmarkada o‘zimga qulay mehnat sharoitiga ega “Namangan metallurgiya” jamiyatiga ishga yo‘llanma oldim,--deydi olmoslik Inomjon Ashurmatov.-- To‘g‘risi, ishsizligim uchun bir nafar farzandimga aliment to‘lay olmay kelayotgandim. Aynan mehnat yarmarkasiga MIB xodimlari chaqirishdi. Endi korxonada ishlab, o‘z vaqtida aliment to‘lovlarini to‘lab boraman.
Asosiysi, mehnat yarmarkasiga kelgan 28 kishidan sakkiz nafari korxona va muassasalarga yo‘llanma oldi.

Uchqo‘rg‘onda Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi ish yurituvidagi voyaga yetmaganlarning huquqiy manfaatlarini ta’minlash, aliment bilan bog‘liq hujjatlari ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirga xududdagi 15dan ortiq ishlab chiqarish korxonasi 120dan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi.
Yarmarkada davomida “Finance Namangan textile”, “Uztex group” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari mutassaddilari tomonidan aliment to‘lovchilarga vakant o‘rinlar taklif etilib, ulardagi mehnat sharoitlari borasida ma’lumotlar taqdim qilindi.
Natijada yetti nafar fuqaroga mehnat faoliyatini yuritish uchun yo‘llanmalar berildi.
Namangan tumanidagi Olaxamak mahallasi hududida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida ish bilan band bo‘lmagan aliment to‘lovchi otalar hozir bo‘lishdi. Ularga hududdagi 19 ta korxona, tashkilot 110dan ortiq mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va undagi qulayliklar tanishtirildi. Tadbir davomida ishsiz aliment to‘lovchilarga vakant o‘rinlari taklif etildi.
Umuman olganda, yarmarka yakuni bo‘yicha olti nafar aliment to‘lovchi ishga joylashtirilgan bo‘lsa, sakkiz kishiga mehnat qonunchiligi yuzasidan mutaxassislar tushunchalar berishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri