Tuman hokimi muammolarni nazoratga oldi
Navoiy viloyati Uchquduq shahridagi xalq tilida “Model” deb ataluvchi “Quruvchilar” ko‘chasi yangidan tashkil etilgan “Iftixor” mahallasi hududida joylashgan. Bu yerda hozirda 64 ta xonadonda 252 nafar aholi istiqomat qiladi.
Uchquduq shahri bunyod etilishida quruvchilar uchun boshpana sifatida qurilgan bu maskanni aslida qo‘rg‘oncha deyish mumkin. Bir qavatli pastqamgina uylar, oddiygina hayot kechirayotgan odamlar...
Uchquduq tumani hokimi Soli Hamroyevning bu galgi 2 soatlik “tashrifi” ana shu “Model”da o‘tdi.

– Ko‘pchilik “Model” da yashaysizlarmi, degan g‘alati savol beradi. Ammo, kelishsa bu yerdagi sharoitlarni ko‘rib hayron qolishadi. Aholimiz uchun yaratilgan sharoitlar shahardagidan ortiq bo‘lsa ortiqki, kamchiligi yo‘q, – deydi 2-uy, 9-xonadonda yashovchi Dilso‘z G‘afurova.
Ikki nafar farzandning onasi sharoit bor bo‘lgani uchun ham shunday so‘zlarni aytayotganiga ishonaman. Ko‘chada havo harorati minus darajada bo‘lishiga qaramay, eshik tomon yugurib chiqqan bolalar uyda yupingina kiyinib olganidan uy ichi issiqligini, televizor yoqilgani elektr toki borligidan dalolat.
Tuman hokimi bilan muloqotda uy bekasi tashqarida quvurlar muzlaganligi bois uyda 3 kundan buyon ichimlik suv yo‘qligini aytdi.
Salbiy holatni tezkorlik bilan hal etish, xonadonlarni o‘z vaqtida ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida tegishli mas’ullarga ko‘rsatmalar berilib, vaziyat nazoratga olindi. Ishlayotgan guruhga yana qo‘shimcha sifatida ishchilar jalb etilib, muammo shu kunning o‘zida hal etilishiga erishildi.

Yo‘llar yaxshi uylarga olib boradi, deyishadi. Bugun ikki-uch yil oldingi chang, loy ko‘chalar asfalt qilingan. Qurilish materiallari yana yo‘llar cho‘zilishidan darak berib turibdi. Mashinalar serqatnov bo‘lmagan yo‘llarda “Quruvchilar” ning bolalari velopoyga o‘ynayapti.
Baxitjan Utegenov tuman hokimi bilan suhbati davomida oilasi va ota-onasi bilan yashayotgan xonadonining kadastr hujjatlari yo‘qolganligi sababli hokim qarori chiqqan bo‘lsada, hali hamon xususiylashtirilmaganini ma’lum qildi.
Baxitjan va uning otasiga hokim tomonidan o‘zlari yashayotgan uyni tezroq xususiylashtirib, egalik huquqini qo‘lga kiritish kerakligi tushuntirildi. Va hokim telefon orqali shu soha mas’ullariga ishni tezlashtirishni iltimos qildi. Xuddi endigina uy sotib olgandek quvonchdan yayrab ketgan ota qo‘yarda-qo‘ymay tashrif buyuruvchilarni xonadoniga taklif etdi.
Shu kuni Uchquduqqa yosh mutaxassis shifokor sifatida jo‘natilgan va bugun shu xalqning xizmatida bo‘lgan Nurali Jo‘rayevning ham muammosi hal bo‘ldi. Bir xonalik uyiga qo‘shimcha bino sifatida qurilgan yana bir xonalik uyi kadastr qilinib beriladigan bo‘ldi. Yaqindagina farzandlari 3 nafarga yetadigan Nurali uchun bu eng yaxshi xushxabar bo‘ldi.
Uchquduqlik Zuhra va xatirchilik Navro‘z Uchquduqda topishib turmush qurishgan. Tuman hokimligi tomonidan bu ikki yoshning nikoh to‘ylari o‘tkazib berilganidan so‘ng ularning yashash manzillari bo‘lmagani uchun yosh kelin-kuyov “Quruvchilar” ko‘chasidagi bo‘sh turgan uylardan biriga joylashtirildi. Yashash uchun boshpana bo‘lgan bir xonali uyda ularning shirin qizaloqlari dunyoga keldi. Ammo oila boshlig‘i biror-bir joyda muqim ishlamaydi. Bu masala ham hokim e’tiboridan chetda qolmadi. Navro‘z tuman obodonlashtirish boshqarmasiga doimiy ishchi sifatida ishga olinadigan bo‘ldi. Oilaning sovuq kunlarda qiynalmasligi uchun homiylik asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Janar Axmetova esa ota-onasi vafotidan so‘ng o‘zi yolg‘iz yashaydi. Muammolarni o‘rgangan hokim unga ham mos ish topib berdi.
Bu tuman hokimining “Quruvchilar” ko‘chasida yashovchi aholi bilan o‘tkazgan ikki soatlik muloqotidan keyingi yechimlar.
Xalq bilan hamnafaslik, odamlar orasiga kirish, aholi bilan yaqindan muloqot o‘rnatish bugun har bir rahbar, har bir mutasaddi zimmasidagi eng muhim, eng dolzarb, eng ustuvor vazifadir. Zotan, o‘zini el-yurt ravnaqi va taqdiriga daxldor bilgan mutasaddi uchun xalq dardi, tashvishi bilan yashashdan boshqa mezon yo‘q.
Rayhon Qodirova,
Uchquduq tumani hokimligi
Axborot xizmati rahbari,
O‘zA