Tug‘ma nuqsonli kasalliklar bepul bartaraf etildi
Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari poytaxtdagi "Medion" klinikasining malakali mutaxassislari bilan hamkorlikda tizza, suyak-son tizimi yemirilishi, skolioz, serebral falajlik, tug‘ma yurak nuqsoni, siydik-tosh, prostata bezi adenomasi kasalliklari bilan og‘rigan ijtimoiy ahvoli og‘ir, ehtiyojmand insonlar uchun tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Ko‘rikda 500 dan ortiq aholi vakillari ishtirok etib, ularning 350 nafarida ortopedik, ya’ni tayanch harakat tizimining (deformatsiya) o‘zgarishlari, 64 nafarida esa siydik chiqarish yo‘li, prostata bezi adenomasi, bepushtlik, 80 nafar fuqaro va ularning farzandlarida tug‘ma yurak nuqsoni, yurak qon tomir tizimi bilan bog‘lik kasalliklar borligi aniqlandi. Medion" klinikasida faoliyat yuritayotgan turkiyalik xirurg-ortopedlar, kardiolog va neyroxirurg tomonidan intensiv davo muolajalari buyurildi.

– Mana bir yarim yildirki duan sindromi va tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan o‘g‘lim Suxrobjonni sog‘lig‘ini tiklashga harakat qildik, lekin biron bir natijaga erishmadik, – deydi tibbiy ko‘rik jarayonida ishtirok etgan sirdaryolik Hakimaxon Shodiyeva. – Bugun bo‘lsa, bu muammoga javob topgandek bo‘ldik. Turkiyalik va sirdaryolik tibbiyot xodimlari baraka topsin. Ular yordamida hech qanday xarajatsiz, o‘g‘limdagi tug‘ma yurak nuqsonidan jarrohlik amaliyoti orqali qutiladigan bo‘ldik. Bundan ortiq baxt bormi ona uchun.

Ahamiyatli tomoni, Sirdaryoda tashkil etilgan tibbiy ko‘rik jarayonida Suhrobjonga o‘xshash, yurak tug‘ma nuqsoni duan sindromi bilan tug‘ilgan Shukurjon ismli bolada ham suyak-son tizimi bilan bog‘liq koksartroz kasalligi bo‘yicha total endoprotezlash amaliyoti o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Bu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi va "Medion" klinikasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Shuhrat SUYAROV,
O‘zA