Transport va logistika yo‘nalishida 158 ta murojaat hal etildi
Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. An’anaga aylangan ushbu muloqot tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni bevosita o‘rganish, ularga amaliy yechim topish va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tayyorgarlik doirasida sohada to‘planib qolgan byurokratiya, infratuzilma va eksport bilan bog‘liq og‘riqli nuqtalarni aniqlash uchun minglab tadbirkorlar o‘rtasida keng ko‘lamli so‘rovnomalar o‘tkazildi. Har bir muammoga tizimli yondashuv asosida yechim izlanmoqda.
Xususan, puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 15-maydan boshlab 50 dan ortiq vazirlik va idora vakillaridan iborat respublika shtabi tashkil etilgan. Shtab 24/7 rejimda uzluksiz faoliyat yuritmoqda.
Call-markaz va rasmiy botlar orqali tadbirkorlardan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 4,2 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi, 1,8 mingga yaqinini ko‘rib chiqish davom etmoqda.
Jumladan, Biznes-ombudsman ma’lumotiga ko‘ra, Respublika shtabiga jami 6 ming 375 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 181 tasi transport va logistika yo‘nalishiga tegishli. Murojaatlarda transport va logistika faoliyatini yuritishda uchrayotgan amaliy masalalar hamda mavjud to‘siqlar ko‘tarilgan.
2026-yil 6-avgust holatiga murojaatlarning 158 tasi hal etildi, 23 tasi ko‘rib chiqilmoqda. Yo‘nalish bo‘yicha natijadorlik 87 foizni tashkil etdi. Har bir hal etilgan murojaat — tadbirkor uchun yuk tashish jarayonining yengillashishi, vaqt va xarajatning tejalishi hamda yetkazib berish tizimining barqaror ishlashiga xizmat qiladi.
Shuningdek, tayyorgarlik doirasida mas’ul tashkilotlar tomonidan 750 dan ziyod uchrashuv o‘tkazilib, ularda 8,8 mingdan ortiq tadbirkor ishtirok etdi va 3,5 mingdan ziyod taklif hamda masalalar bildirildi.
Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan 130 dan ortiq uchrashuvda esa 5,7 mingdan ziyod tadbirkor qatnashib, 1,5 mingga yaqin masalani o‘rtaga tashladi. Aniqlangan muammolarni hal qilish va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 5 ming 72 nafar tadbirkor o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. U orqali korxonalar samaradorligi, investitsiya va infratuzilma ta’minoti, soliq ma’murchiligi, tashqi savdo hamda sud-huquq sohasidagi masalalar o‘rganildi.
So‘rov ishtirokchilarining 93 foizini mahalliy xususiy korxonalar tashkil etdi. Unda savdo, xizmat ko‘rsatish, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari qamrab olindi.
Tahlillar korxonalarda mehnat unumdorligini oshirish va tannarxni pasaytirish bo‘yicha hali katta imkoniyatlar borligini ko‘rsatdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA