Tramp xavfsizligi choralari qayta ko‘rib chiqilmoqda
Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasining yillik ziyofati arafasida sodir bo‘lgan otishma voqeasi Amerika Qo‘shma Shtatlarida prezident xavfsizligi tizimi samaradorligiga oid savollarni yana kun tartibiga chiqardi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ayni yo‘nalishdagi mavjud xavfsizlik choralarini qayta tahlil qilmoqda, deb xabar berdi “Reuters” nashri.
Qurollangan shaxs Vashingtondagi “Hilton” mehmonxonasi yaqinida o‘q otar quroldan o‘t ochgan. O‘sha payt binoda Prezident Donald Tramp ishtirokida tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Federal xizmat xodimlari gumonlanuvchini binoga kirib borishidan oldinroq to‘xtatgan.
Ma’lumotga ko‘ra, maxsus xizmat davlat rahbarini himoya qilish bo‘yicha belgilangan reja asosida ish olib borgan. Faqat otishma tovushi tadbir ishtirokchilariga eshitilgani xavfsizlik jarayonidagi ayrim kamchiliklarni yuzaga chiqargan.
Mutaxassislar fikricha, bunday ommaviy tadbirlarda tashqi xavfsizlik halqasini kengaytirish zarur. Ayniqsa prezident ishtirok etadigan mitinglarda xavfsizlik hududi yanada keng qamrab olinishi zarurligi ta’kidlanmoqda.
To‘g‘ri, tadbirga kirish uchun ishtirokchilar metall detektordan o‘tgan, ammo mehmonxona hududiga kirishda faqat chipta talab qilingan. Ayrim shaxslar o‘tgan yilgi chipta bilan kirishga uringani qayd etilgan. Gumonlanuvchi esa tadbirdan bir necha kun oldin mehmonxonaga joylashib, dastlabki tekshiruvni chetlab o‘tgan bo‘lishi mumkin.
Hodisa vaqti prezident qisqa vaqt ichida xavfsiz joyga olib chiqilgan. Boshqa ba’zi rasmiylarni evakuatsiya qilish biroz kechikkani aytilgan.
Ayni payt AQSH rasmiylari ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv olib bormoqda. Kuzatuvchilar fikricha, natijaga qarab prezident va hukumat a’zolari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar joriy qilinishi mumkin.
Darvoqe, bu masala avval ham muhokama qilingan. Xususan, 2024-yil saylov oldi tadbiri chog‘ida sodir bo‘lgan suiqasdga urinishdan keyin prezident muhofazasi kuchaytirilgan edi.
D.Hakimov, O‘zA