Tramp Putin bilan uchrashuv shartlarini aytdi
AQSH prezidenti Donald Tramp jurnalistlar bilan suhbatda agar Ukraina bo‘yicha kelishuvga amin bo‘lsa, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyor ekanligini bildirdi.
Bundan tashqari, u Si Szinpin bilan Xitoyning RFdan neft importini kamaytirish masalasini muhokama qilmoqchi.
“Reuters” nashri yozishicha, Tramp ma’muriyati Rossiya iqtisodiyotining asosiy tarmoqlariga qarshi yangi sanksiyalarni tayyorlagan. Agar Moskva ziddiyatni tugatishga rozi bo‘lmasa, “jazo” joriy etiladi.
Xabarda keltirilishicha, ba’zi cheklovlar RF bank sektoriga va neft yetkazib berish uchun ishlatiladigan infratuzilmaga qaratilgan. Tramp keyingi bir necha hafta davomida “tanaffus” qilishni va Rossiyaning “Lukoyl” hamda “Rosneft”ga qo‘llanilgan sanksiyalarni sinchiklab tekshirmoqchi.
Bundan tashqari, AQSH rasmiylari Yevropa Ittifoqiga bloklangan Rossiya aktivlaridan Ukraina uchun qurol sotib olish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashlari haqida ma’lum qilishgan.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent “CBS News” telekanaliga bergan intervyusida RF yetakchisining maxsus vakili Kirill Dmitriyevni “sanksiyalar ta’siri haqida yolg‘on gapiradigan targ‘ibotchi” deb atadi.
Bessent Dmitriyevning “sanksiyalarning foydasizligi” haqidagi da’volari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytib, Rossiya allaqachon ta’sirni his qilmoqda - Hindiston neft sotib olishni to‘xtatdi va Xitoy ham xaridni qisqartirgan, dedi.
S.Rahimov, O‘zA