Tramp: Eron bilan kelishuvdan so‘ng e’tibor Ukrainaga qaratiladi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron raisligida o‘tayotgan G7 sammitida Ukrainadagi urush, Yaqin Sharqdagi vaziyat, Xitoy bilan raqobat, sun’iy intellekt va internet xavfsizligi masalalarini muhokama qilinmoqda, deb xabar berdi Euronews.
Fransiyaning Evian shahrida boshlangan uch kunlik sammitda asosiy e’tibor Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, Xitoyning iqtisodiy siyosati, internet xavfsizligi hamda sun’iy intellektning jadal rivojlanishiga qaratilgan. Sammit AQSH va Eron o‘rtasida dastlabki kelishuvga erishilgan bir paytda o‘tmoqda. Bu kelishuv tomonlarga 60 kun davomida muzokaralarni davom ettirish imkonini beradi. AQSH prezidenti Donald Tramp kelishuvni ijobiy baholab, Eron bilan munosabatlar yaxshilanganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Eronda yangi rahbariyat shakllangan. Tramp Hurmuz bo‘g‘ozi haqida ham to‘xtalib, juma kuniga qadar dengiz yo‘li to‘liq ochilishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqtgacha minalarning katta qismi zararsizlantiriladi va kemalar harakati tiklanadi. AQSH prezidenti o‘z chiqishida ma’muriyati endi diplomatik sa’y-harakatlarni yana Ukraina masalasiga qaratishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari sekinlashgan edi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinga G7 sammiti doirasida uchrashib, urushni tugatish bo‘yicha muzokara o‘tkazishni taklif qilganini aytdi. Biroq, Rossiya bu taklifni rad etgan.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA