Toshloqliklarning muammosi hal etildi
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Toshloq mahallasi aholisi 25 yildan beri ekinlarni sug‘orish uchun suvdan foydalanishda jiddiy muammolarni boshidan kechirayotgan edi.
Shimoliy Farg‘ona kanalidan chiqadigan suv minglab oilalar yashaydigan mahallalardan o‘tib, ulargacha yetib bormaydigan holatga kelgandi. Buning oqibatida toshloqliklar sizot suvlarni nasoslar orqali tortib, ekinlarni sug‘orishgan.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturi ijrosi natijasida Toshloqdagi oilalarning orzusi ushaldi. Dastur doirasida 3 milliard 195 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi hamda zilol suv kanaldan mahallaning barcha hududlarigacha yetib bordi.


– Davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rligidan nihoyatda minnatdormiz. Chunki bugunga kelib 670 xonadon suv bilan to‘la ta’minlandi. Ariqlarda oqayotgan ob-hayotni ko‘rib, ko‘zlarimiz quvnayapti. Mana, endi dehqonchilikdan ko‘nglimiz to‘q, – deydi “Toshloq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Farhodjon Mamatov.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.