Toshkentda yo‘llarni ta’mirlash mavsumi boshlanmoqda
Qish mavsumidagi yog‘ingarchiliklar yo‘llar sifatiga ta’sir o‘tkazadi, yamalarni vujudga keltiradi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda shahar aholisi va jamoat transportining harakatlanishi uchun qulayliklarni oshirish maqsadida Toshkent shahrining transport oqimi faol bo‘lgan ko‘chalari holati tekshirildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2025 yilda joriy va kapital ta’mirlash talab qilinadigan ko‘chalar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan manzilli ta’mirlash dasturi ishlab chiqildi.
Dastur doirasida umumiy maydoni 65 000 m² dan ortiq bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan. Jumladan, ishlar qoplamaning uzoq muddat chidamli bo‘lishini ta’minlaydigan texnologiyalar va materiallarni qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tomonidan 7 martdan boshlab amalga oshiriladi. Tirbandliklarning oldini olish va noqulayliklarni kamaytirish maqsadida yo‘l ishlari asosan transport harakati eng kam bo‘lgan soatlarda tashkil etiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbari tomonidan yo‘l va suv tarmoqlari kabi infratuzilmaviy loyihalarda xalqaro moliya institutlari bilan yaqindan ishlash, xorijiy konsultantlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA