Toshkentda xalqaro yuridik forum
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 22-23 aprel kunlari Toshkent shahrida “Tashkent Law Spring” II xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tadi.
Bugun forumning ochilish tadbiri va kun tartibidagi sessiyalar bo‘lib o‘tadi.
Forumning maqsadi – huquqni rivojlantirish muammolari va zamonaviy tendensiyalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jamlagan holda ochiq muloqot maydonchasini yaratish. Shuningdek, xalqaro hamjamiyatga O‘zbekistonda olib borilayotgan huquqiy islohotlarni namoyish etishdan iborat.
Forumda bir qator xorijiy mamlakatlarning adliya vazirlari ishtirok etadi.
Shuningdek, tashkentlawspring.uz veb-sayti orqali 100 nafarga yaqin sud va boshqa davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, dunyoning yetakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari, advokatlar, yurisprudensiya, iqtisodiyot sohalaridagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlar tadbirda onlayn ishtirok etadi.
Forumda davlatning huquqiy siyosati, davlat organlarining ochiqligini ta’minlash, LegalTech va LawTech (huquq texnologiyalari), umumiy huquq tizimi, koronavirus cheklovlari davrida mediatsiya va arbitraj, intellektual mulk himoyasi, siyosatni amalga oshirish, sudlarning mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta’minlash hamda boshqa dolzarb mavzularda muhokama sessiyalari o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, forum doirasida “Davlat xizmatlari sohasidagi ilg‘or amaliyot”, “Raqamli muhitda huquqiy axborot tarqatish istiqbollari”, “Elektron notariat”, “Advokaturani rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyatini takomillashtirish” mavzularida davra suhbatlari uyushtiriladi. Shuningdek, “Ma’lumotlar va axborotni boshqarish” mavzusida master-klass tashkil etiladi.
Forumning asosiy tili o‘zbek tili. Ingliz va rus tillariga sinxron tarjima amalga oshiriladi.
Forum oflayn va onlayn shaklda bo‘lib o‘tadi.
Oflayn ishtirok etish uchun tasdiqlangan ishtirokchilarni ro‘yxatga olish 22 aprel kuni soat 8:00 da boshlanadi va soat 9:20 ga qadar davom etadi.
Forumning ochilishi tadbiri hamda yalpi majlis soat 9:30 da boshlanadi.
Forum tadbirlari “COVID-19” cheklovlariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi.
N.Abduraimova, O‘zA