Toshkentda Xalqaro yoga kuni nishonlandi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi Markaziy bog‘da 21-iyun — Xalqaro yoga kuni munosabati bilan ommaviy tadbir o‘tkazildi.
O‘n ikkinchi bor nishonlanayotgan mazkur an’anaviy tadbir Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyati markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamda Yoga federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
“Sog‘lom qarish uchun yoga” shiori ostida o‘tgan tadbirda yoganing inson salomatligini mustahkamlash, ruhiy barqarorlik va hissiy muvozanatni ta’minlashdagi ahamiyati keng targ‘ib qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan sport vazirining maslahatchisi Sharifjon Mo‘minjonov mamlakatimizda yogaga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortib borayotganini ta’kidladi. U aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish borasida Hindiston elchixonasi va O‘zbekiston Yoga federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim yoganing nafaqat jismoniy mashqlar majmuasi, balki insonning jismoniy va ma’naviy salomatligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi hayot falsafasi ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, yoga insonning hayot sifati va faolligini saqlab qolishda muhim o‘rin tutadi.
Tadbir doirasida “Odamlar va sayyoralar uchun Ayurveda” mavzusida maxsus ko‘rgazma ham tashkil etildi. Unda Ayurveda tibbiyoti, sog‘lom turmush tarziga oid mahsulotlar, kitoblar va turli nashrlar namoyish etildi.
Ko‘rgazma ishtirokchilari tabiiy sog‘lomlashtirish usullari, kasalliklar profilaktikasi hamda salomatlikni saqlashning an’anaviy yondashuvlari haqida batafsil ma’lumot oldi.
[gallery-30036]
Ma’lum qilinishicha, Xalqaro yoga kuniga tayyorgarlik ishlari bir necha oy avval boshlangan bo‘lib, mamlakatning turli hududlarida qator tadbirlar tashkil etildi. Bu tashabbuslar aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va yogani keng ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Tadbir O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga ham munosib hissa qo‘shdi. Turli yosh va kasb egalarini birlashtirgan ushbu anjuman yoganing inson salomatligi va hayot sifatiga ijobiy ta’sirini yana bir bor namoyon etdi.
Kamola YUSUPOVA, Muhammad AMIN (surat), O‘zA