Toshkentda Xalqaro avtomobilsiz kun nishonlanmoqda
Toshkentda Xalqaro avtomobilsiz kun yangi yirik ommaviy san’at asari - “Barqaror harakatchanlik” murali ochilishi bilan nishonlandi. Devoriy surat taqdimoti-O‘zbekiston ketma-ket to‘rtinchi yil qo‘shilgan Yevropa harakatlanish haftaligi 2022 (YeHH) doirasida o‘tkaziladigan tadbirlardan biridir.
«Barqaror harakatchanlik» murali Toshkent shahrining jadal rivojlanayotgan ikki tumani - Yangi hayot va Sergeli tumanlari chegarasidagi “4-bekat” metro stansiyasi ro‘parasida joylashgan to‘qqiz qavatli turar-joy binosining devorlaridan birini bezadi. Ta’sirchan devoriy surat yanada mustahkam, faol va sog‘lom Toshkentni badiiy jihatdan his etish, shuningdek, Yevpora harakatlanish haftaligining asosiy g‘oyasini yetkazishni o‘z ichiga oladi. U «Autograph» san’at galeriyasi mutassadisi hisoblangan «Brushers» yosh rassomlar ijodiy uyushmasi tomonidan yaratilgan.
«Joriy yilda Yevropa harakatlanish haftaligi O‘zbekistondagi hamkorlar tomonidan yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda, natijada biz harakatchanlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar sonini oshirdik, - dedi Yevpora Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian. - Umid qilamanki, bu go‘zal devoriy surat Toshkent aholisini kundalik hayotda imkon qadar ekologik toza transport yechimlaridan foydalanishga undaydi».
Toshkent shahar Yangi hayot tumani hokimi Hayot Inog‘omovning so‘zlariga ko‘ra, tuman hokimligi Yangi hayotni yanada ko‘kalamzor va obod yashash maskaniga aylantirish maqsadida mahalliy aholining barqaror harakatlanishini yaxshilash borasidagi ishlarni davom ettiradi.
Anvar Hakimbekov, Nodir Azlarxo‘jayev, Andrey Juravlyov va Danil Kudryavsevdan iborat «Brushers» ijodiy jamoasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, loyihaning asosiy vazifasi sog‘lom turmush tarzi muhimligi va shaharda yashovchilar uchun yanada ekologik transport vositasiga o‘tish zarurligini ta’kidlashdan iborat bo‘lgan.
Harakatchanlik aksiyasi doirasida Yevropa harakatlanish haftaligining uzoq yillik hamkori hisoblangan O‘zbekiston velojamiyati tomonidan Sergeli tumani hokimligi ko‘magida “Velosiped kuni” tadbiri tashkil etilmoqda. Velosipedlar yo‘nalishi “Yangi Sergeli” istirohat bog‘idan boshlanib, Shokirariq, Mirzo Tursunzoda ko‘chalaridan o‘tib, yangi muralga olib keladi. Velosayrni yakunlash uchun ishtirokchilar huddi shu yo‘nalish bo‘ylab “Yangi Sergeli” bog‘iga qaytib keladi. Velosiped haydash vaqtida ushbu yo‘nalish qisman yopiladi.
«Mazkur tadbir aholimiz e’tiborini velosiped va boshqa ekologik toza transport vositalaridan foydalanishga qaratadi, degan umiddaman, - deydi Toshkent shahar Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov. – Tumanimiz O‘zbekistondagi Yevpora harakatlanish haftaligining hamkori bo‘lganidan xursandman».
O‘zA