Toshkentda xalqaro anjuman boshlandi
Poytaxtimizda “Ilm-fanning zamonaviy muammolari va istiqbollari” (ICPPMS-2021) mavzusida 1 - xalqaro anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
Onlayn tarzda o‘tkazilayotgan mazkur anjuman Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Sun Moon, Navoiy davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat transport instituti hamda Toshkent kimyo texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, professor O‘.Umurzakov anjuman ochilishi marosimida mazkur xalqaro anjuman ilm-fanning turli yo‘nalishlari, jumladan, qishloq va suv xo‘jaligida innovatsion usullar, ilg‘or kimyoviy texnologiyalar, bino va inshootlar qurilishi, energetika va boshqa sohalarda raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha yetakchi tadqiqotchilarning ilmiy natijalarini qamrab olishi hamda mutaxassislar uchun keng ilmiy munozaralar maydoni bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Ushbu xalqaro anjuman olimlar, ilmiy maktablar vakillari, mutaxassislar o‘rtasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash, ilm-fan rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Suv xo‘jaligi vazirligining Suv tejovchi va ilmiy-innovatsion loyihalarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Usmonovning e’tirof etishicha, bugungi kunda olimlar va tadqiqotchilar bilan birgalikda mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasiga ilm-fan yutuqlari, suv tejovchi texnologiyalar va jahonning ilg‘or tajribalarini joriy etish borasida ilmiy va metodologik tavsiyalarni ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, suv xo‘jaligini boshqarish va suvdan foydalanish tizimlarini takomillashtirishda innovatsion usullardan foydalanishga keng e’tibor qaratilmoqda.
Onlayn tadbirda Janubiy Koreya, Yaponiya, Finlyandiya, AQSH, BAA, Pokiston kabi mamlakatlarning nufuzli universitetlaridan olimlar va tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjuman 11 iyun kuni sessiyalarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettiradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA