Toshkentda "UzEnergyExpo" va "UzStroyExpo" xalqaro ko‘rgazmalari ochildi
Bugun poytaxtimizdagi "O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar majmuasida energetika va qurilish sohalariga bag‘ishlangan "UzEnergyExpo - 2026" 20-xalqaro ko‘rgazmasi hamda "UzStroyExpo - 2026" 15-xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
"International Expo Group" MCHJ tomonidan tashkil etilgan mazkur qo‘shma ko‘rgazmalarda 12 ta mamlakatdan 150 ga yaqin kompaniya va brend ishtirok etmoqda.
"UzEnergyExpo - 2026" ko‘rgazmasida transformatorlar va taqsimlash qurilmalari, nazorat-o‘lchov uskunalari, rele himoyasi va avtomatika tizimlari, elektr uzatish liniyalari uchun jihozlar, kabel va sim mahsulotlari namoyish etilmoqda. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi, resurslarni tejash, yoritish texnikasi va LED texnologiyalariga alohida e’tibor qaratilgan.
"Uzkabel" korxonasi marketing mutaxassisi Zuhriddin Normurodovning aytishicha, korxona ko‘rgazmada sim va kabel mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Kompaniya yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirish va yangi takliflarni ilgari surishni maqsad qilgan.
–Bu ko‘rgazmadan katta natijalar kutyapmiz. Sim va kabel mahsulotlarimiz bo‘yicha turli takliflarimiz bor. Kompaniyamiz O‘zbekistondagi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Korxonamiz 1941-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi kunda qariyb 3 ming turdagi sim va kabel mahsulotlarini ishlab chiqaramiz.
Bundan tashqari, guruhimiz tarkibida Navoiy shahrida joylashgan yana ikkita korxona mavjud bo‘lib, ularda asosan yuqori kuchlanishli sim va kabellar ishlab chiqariladi. Mahsulotlarimizni ishlab chiqarishda mahalliy xomashyodan foydalanamiz. Bu esa mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va ichki bozor talabini qondirishda muhim ahamiyatga ega, – dedi u.
[gallery-32062]
"UzStroyExpo - 2026" ko‘rgazmasi esa qurilish va pardozlash materiallari, qurilish texnikasi va uskunalari, isitish tizimlari, ventilyatsiya va konditsionerlash uskunalari, suv ta’minoti, suvni tozalash hamda santexnika mahsulotlarini qamrab olgan.
"Polimerteplo" guruhi tijorat departamenti yo‘nalish rahbari Andrey Korennovning qayd etishicha, kompaniya Rossiyada issiqlik va issiq suv ta’minoti tarmoqlari uchun egiluvchan, armaturalangan polimer quvurlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ko‘rgazmada korxona o‘z ishlanmalari va sohadagi eng so‘nggi texnologiyalarini taqdim etmoqda.
–Biz issiq suv ta’minoti va yuqori haroratli issiqlik tarmoqlari uchun mo‘ljallangan polimer quvurlarimizni namoyish etyapmiz. Kompaniyamiz o‘tgan yili ham ushbu ko‘rgazmada ishtirok etgan. O‘shanda Toshkentdagi issiqlik ta’minoti tashkiloti vakillariga mahsulotlarimiz va texnologiyalarimiz haqida ma’lumot berganmiz. Hokimlik vakillari ham ishlanmalarimiz bilan tanishib, ularga qiziqish bildirishgan.
Biroq an’anaviy texnologiyalardan yangi yechimlarga o‘tish muayyan vaqt talab qiladi. Ko‘pchilik hanuz po‘lat quvurlardan foydalanishga o‘rgangan. Ammo bunday quvurlar korroziya ta’sirida vaqt o‘tishi bilan eskiradi va ularni almashtirish zarurati tug‘iladi. Polimer quvurlar esa an’anaviy yechimlarga muqobil bo‘lib, issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilishda muhim imkoniyatlar yaratadi.
Qozog‘istonda bu yo‘nalishdagi ishlarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. U yerda bir qator davlat ta’mirlash dasturlarida ishtirok etyapmiz. Umid qilamizki, O‘zbekistonda ham hamkorligimizni kengaytirib, texnologiyalarimizni joriy etish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz, – dedi A.Korennov.
Ta’kidlash kerakki, mazkur xalqaro ko‘rgazmalar energetika va qurilish tarmoqlaridagi yangi texnologiyalar, zamonaviy yechimlar va mahsulotlar bilan tanishish, ishlab chiqaruvchilar hamda mutaxassislar o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazmalar 22-oktabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA