Toshkentda turkiy dunyo intellektual salohiyati birlashdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Turkiy dunyo muloqoti: mushtarak kelajak, umumiy qarash” mavzusida yuqori darajadagi anjuman bo‘lib o‘tdi. Anqara shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan TDT Davlat rahbarlari 13-sammitiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan ushbu yig‘ilishda diplomatik, akademik va media doiralari vakillari jamlandi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiya boshqarmasi hamda JIDU hamkorligida tashkil etilgan tadbirda turkiy dunyo hamkorligi poydevori sanalgan mushtarak tarixiy va madaniy merosni saqlash barobarida, bugungi kunning eng dolzarb dunyoviy chaqiriqlari atroflicha tahlil qilindi. Muloqot markazida mintaqaviy va global vaziyat, iqtisodiy-siyosiy bog‘liqlik, shuningdek raqamli transformatsiya jarayoni va sun’iy intellekt imkoniyatidan unumli foydalanish masalalari turdi.
[gallery-31684]
Axborot makonidagi xavfsizlik, dezinformatsiya va raqamli manipulyatsiyaga qarshi birga kurashish hamda o‘zaro aloqani yangi bosqichga olib chiqish mavzulari ham ko‘tarildi. Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev va Turkiya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash ikki davlat va umumturkiy hamkorlikning strategik ahamiyatini ta’kidladi.
Turkiya Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Burxoniddin Duran ishtirokchilarga video murojaat yo‘lladi. “Anadolu” agentligi Bosh direktori o‘rinbosari va Bosh muharriri Yusuf O‘zxon moderatorligida kechgan asosiy muhokama sessiyasida nufuzli ekspertlar Kappadokiya universiteti rektori Hasan Ali Qorasar, O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, va Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov hamda Anqara Hoji Bayram Vali universiteti dekani Firot Purtosh tahliliy qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbirlar davomida bevosita guvoh bo‘ldikki, Toshkent uchrashuvi shunchaki diplomatik muloqot emas, balki turkiy davlatlar o‘rtasidagi axborot, ta’lim va raqamli texnologiya sohasi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilgan amaliy platformaga aylandi. Uchrashuvda shakllantirilgan g‘oya va tavsiyalar Anqarada o‘tadigan TDT Davlat rahbarlari sammiti kun tartibini boyitishga xizmat qiladi.
Fardona Yaxshiboyeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA