Toshkentda texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Global texnologik diplomatiya instituti hamkorligida tashkil etildi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Unda Markaziy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlarining davlat organlari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, texnologik va ishbilarmonlik doiralari, shuningdek, akademik hamjamiyat vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar 2025-yil 1-noyabr kuni YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida qabul qilingan Texnologik diplomatiya bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini amaliyotga tatbiq etish, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, institutsional salohiyatni mustahkamlash va mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Simpoziumda Ozarbayjon, Afg‘oniston, BAA, Gruziya, Indoneziya, Quvayt, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Falastin, Yaponiya, Ummon, Qatar, Hindiston va Qozog‘iston elchilari va diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Ishbilarmonlik dasturi yakunida xorijiy mehmonlar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.
Simpoziumning o‘tkazilishi O‘zbekistonning yangi texnologiyalar masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotni rivojlantirish, mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash va zamonaviy tashqi siyosatning muhim yo‘nalishi sifatida texnologik diplomatiyani ilgari surishga sodiqligini yana bir bor тасдиқланди .
Aziza Alimova, O‘zA