Toshkentda “sherlar” jangi o‘tkaziladi
Mamlakatimizda aralash jang san’atlari assotsiatsiyasining tashkil etilishi, havaskorlar va professionallar o‘rtasida reyting janglarining o‘tkazilayotgani O‘zbekiston sportining yangi sahifasi ochilganligidan dalolat.
Boisi, hozir dunyoning 150 dan ziyod davlatidagi yoshlarning eng sevimli sport turlaridan biriga aylangan aralash jang san’atlariga qiziqish yurtimiz vakillarida ham ortib borayotganligi hamyurtlarimizning xalqaro musobaqalarda ishtirokida, mamlakatimizda o‘tkazilayotgan musobaqalarda o‘z aksini topmoqda.
Yaqinda Nukus shahrida Markaziy Osiyo chempionatining muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi va ushbu turnirga xalqaro sport olamining e’tibori ham buning yaqqol dalilidir.

Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi hamda “Murodov professional league” klubi joriy yilning 22 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida aralash jang san’atlari bo‘yicha yana bir nufuzli musobaqani tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Shu munosabat bilan 16 oktyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, “Murodov professional league” klubi rahbari, UFC bo‘yicha xalqaro maydonda nomdor sportchi Mahmud Murodov, mamlakat aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi mutasaddilari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Anjumanda yurtimizda sog‘lom turmush tarzini ommaviylashtirish, matonatli sportchilarni tayyorlashning yangicha tizimini joriy etishda doimiy tarzda sport musobaqalari o‘tkazib borish, yangi-yangi sport klublari tashkil etish, ularning mamlakat sport hayotidagi faolligini oshirish muhim ahamiyat kasb etishi aytildi.
Mazkur ish jarayonlari natijasida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan “Murodov professional league” sport klubi shu yilning boshida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi yoshlarni sportga keng jalb etishga qaratilgan. Qolaversa, aralash jang san’atlari(MMA) sport turining ommaviyligini oshirish maqsadida professional sportga endi-endi qadam tashlayotgan o‘smirlar va yoshlar uchun katta musobaqalar oldidan o‘ziga xos ko‘rik va sinov vazifasini o‘tab beradigan turnirlar uyushtirishdan iborat.
Bundan tashqari, ushbu musobaqalarni o‘tkazish orqali aralash jang san’at sporti bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan yurtdoshlarimizni O‘zbekiston sport maydonlarida o‘tadigan yakkakurash turnirlariga keng jalb etish, ulardagi vatanparvarlik hissini yanada jonlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, yurtimizda mazkur yo‘nalishda ilk bor o‘tadigan ushbu turnirda jahon yakkakurash olamida taniqli bo‘lgan sport yulduzlarining qatnashishi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Qizg‘in savol va javoblarga boy bo‘lgan anjumanda ta’kidlanganidek, 22 oktyabr kuni “Yunusobod” sport majmuasidagi aralash jang san’atlari musobaqasida yakkakurash muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan Bogdan Guskov va Baxa Bakiyev janglari bilan birga bir qator yosh sportchilar o‘z mahoratlarini namoyish qilishadi.
Turnirning asosiy janglarida jahon sport maydonida nom qozonib kelayotgan hamyurtlarimiz Shoxasan Mirzamatov va Ramazon Temirov goliblik uchun oktagonga chiqishadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA