Toshkentda Koreyaning yana bir nufuzli universiteti filiali tashkil etiladi
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari — Raqamli rivojlanish departamenti rahbari A.Do‘smuhamedov hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining faxriy maslahatchisi, Koreya–O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi bosh direktori janob Edvard Kim ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Janubiy Koreyaning Seul shahrida joylashgan nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Kvangvun universitetining O‘zbekistondagi filialini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Seul shahrida joylashgan Kvangvun universiteti (Kwangwoon University) 1934-yilda Koreyadagi ilk radio va elektrotexnika o‘quv markazi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda elektronika, muhandislik va axborot texnologiyalari sohasida yetakchi ta’lim dargohlaridan biriga aylangan. Ushbu nufuzli oliygoh o‘z talabalariga yetakchi xalqaro korporatsiyalar bilan hamkorlik qilish va zamonaviy ilmiy loyihalarda ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi.

Tashabbus doirasida sun’iy intellekt, dasturiy ta’minot, kompyuter va axborot muhandisligi, axborot konvergensiyasi hamda robototexnika yo‘nalishlarida zamonaviy ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Loyihani amalga oshirish uchun Toshkent shahar Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi tomonidan uchta manzil taklif etildi.

Uchrashuv yakunida ushbu manzillarni universitet talablari asosida o‘rganish, filial uchun maqbul joyni tanlash, ta’lim yo‘nalishlari va zarur infratuzilmaga qo‘yiladigan talablarni belgilash hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha keyingi ishlar ketma-ketligini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA