Toshkentda daraxtlar himoyasi kuchaytirilmoqda
Poytaxtimizning fitosanitar tozaligini ta’minlash, shahar hududida tabiiy biofonni yaratish, biologik kurash tizimini keng joriy etish, parvarish qilinayotgan manzarali va mevali daraxtlarni har xil kasalliklarga chalinishdan asrash, mahalliy zararkunandalarga qarshi kurashish borasida Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan zarur choralar qo‘llanib kelinmoqda.
Xususan, bahor mavsumining aprel, may oylarida ko‘payadigan shaharmo‘ylovdori zararkunandasiga qarshi kompleks ishlar amalga oshirilyapti. Ushbu zararli organizm asosan, terak, qayin, chinor, tol, olma, o‘rik, tut, yong‘oq kabi 15 ga yaqin daraxtlarda uchraydi.


Boshqarmaning ichki karantin bo‘limi hamda sayyor laboratoriyasi yordamida poytaxt tumanlaridagi daraxtlar ko‘zdan kechirilib, daraxtlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ushbu zararkunanda borligi aniqlandi va xo‘jalik vakillariga ularga qarshi kurash choralari bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berildi.


Ma’lumotlarga qaraganda ushbu zararkunanda mahalliy hasharot hisoblanib, uning tarqalishi ham sog‘lom, ham zaiflashgan daraxtlar tanasida uchraydi. Lichinkalar kambiy qatlamini yeb, daraxtning qurishiga olib keladi. Ushbu shaharmo‘ylovdori zararkunandasi daraxt tanasida doimiy ravishda yashab, havo harorati 15-20 gradusga ko‘tarilganda daraxtlarga jiddiy zarar yetkazishni boshlaydi.
Boshqarma tomonidan professor olimlar bilan hamkorlikda daraxt va o‘simlik zararkunandalariga qarshi kimyoviy ishlov berish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA