Toshkentda avtorlashtirilgan servis markazlarini ochish zarur
Har qanday texnika vaqt o‘tishi bilan ishdan chiqadi. Bunday hollarda ustaga murojaat qilish kerak. Ammo yaxshi mutaxassisni qanday topish mumkin?
Ushbu muammoga ishlab chiqaruvchilarning o‘zi yechim topdi. Ular o‘z firmalarining servis markazlarini tashkil qilishni yoki texnikani ta’mirlash bo‘yicha korxonalar bilan shartnoma tuzishni boshladi.
Endilikda Apple yoki Samsung kabi yuqori texnologiyali mahsulotlar va gadjetlarni ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar dunyoning turli burchaklarida o‘zlarining yoki avtorlashtirilgan servis markazlariga ega. Bunday markazlar shunchaki ta’mirlash ustaxonalari emas. Bu ularning brendini ommalashtirish bilan bog‘liq muhim marketing usulidir.
Hozirgi kunda Toshkentda texnikani ta’mirlash biznesi juda ommalashgan. Deyarli har qadamda eng zamonaviy qurilmalarni ta’mirlashni taklif qiladigan kichik ustaxonalarni uchratish mumkin. Ularda ishlayotgan mutaxassislarning ko‘pchiligi hatto avtorlashtirilgan servis markazlari mavjudligidan xabari ham yo‘q. Nima uchun mahalliy ustalar nomdor brendlar bilan shartnoma tuzishga shoshilmayapti?
Aslida, litsenziya olish juda qiyin: ishlab chiqaruvchi qanchalik yirik bo‘lsa, uning mezonlariga mos kelish shunchalik qiyin bo‘ladi. Kichkina xonani ijaraga olish va unda gadjetni mijozlar oldida hech qanday majburiyatlarni olmagan holda ta’mirlash anchayin oson.
Avtorlashtirilgan servis markazi ishlab chiqaruvchi yoki uning vakolatxonasi bilan shartnoma tuzgan texnikani ta’mirlash korxonasini ifoda etadi. U kafolatli va kafolatdan keyingi ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, mahsulotlarni sozlashni amalga oshirish vakolatiga ega. Avtorlashtirishga ega bo‘lish uchun ustaxona ko‘plab talablarga javob berishi lozim. Birinchi navbatda diagnostika, sozlash va ta’mirlash uchun maxsus asbob-uskunalarga ega bo‘lishi zarur. Markaz mutaxassislari muayyan turdagi texnikani ta’mirlash bo‘yicha uch yildan ortiq tajribaga va tegishli sertifikatga ega bo‘lishi lozim. Biroq, ko‘plab kompaniyalar avtorlashtirilgan servis markazlari xodimlarini o‘zlari o‘qitadi va vaqti-vaqti bilan qayta tayyorlaydi. Ishlab chiqaruvchilarning har birida qator alohida talablar mavjud bo‘lib, avtorlashtirish har bir ishlab chiqaruvchi uchun alohida belgilanadi. Shuningdek, avtorlashtirish muddati davomida ishlab chiqaruvchi servis markazining barcha muhim parametrlarini nazorat qilib boradi va istalgan vaqtda u bilan tuzilgan shartnomani to‘xtatishi mumkin.
Servis markazi avtorlashtirilganligini aniqlash uchun uning sertifikatlari bilan tanishishning o‘zi kifoya. Bunday sertifikatlar bir yil muddatga beriladi. Har bir servis markazi o‘zining maqomi bilan faxrlanadi, shuning uchun buni veb-saytida yoki kafolat talonida aks ettiradi. Servis markazining nomi va manzili ko‘rsatilgan ishlab chiqaruvchi bilan mos bo‘lishi kerak.
Yodda tuting, avtorlashtirilgan servis markazlari nafaqat mijozlar oldida, balki texnika ishlab chiqaruvchilari oldida ham javobgardir. Ular litsenziyasini yo‘qotishdan qo‘rqadi, shu bois, ishlarni sifatli bajarishga harakat qiladi. Ulardan farqli o‘laroq, hunarmandchilik ustaxonalarini hatto sudda ham javobgarlikka tortish juda qiyin.
Roman BONDARCHUK, O‘zA